

Muharrir: Vazira Komilova
Illyustratsiya: Alina Olimova
Illyustratsiyaga tifloizoh: Kursida jismoniy nogironligi bo‘lgan bolaning o‘tirgan holatda oyoqlari ko‘rinib turibdi va bir qo‘lida o‘yinchoq qizil mashinani ushlab o‘ynayapti. Yerda esa uning qo‘ltiq tayoq hassasi yotibdi.
O‘zbekiston Respublikasining «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi Qonunining 3-moddasida «nogironligi bo‘lgan bolalar (bola)» tushunchasi kiritilgan:
Nogironligi bo‘lgan bolalar — doimiy jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari tufayli hayotiy faoliyati cheklanganligi munosabati bilan davlat va jamiyat tomonidan ijtimoiy yordam ko‘rsatilishiga hamda o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishiga muhtoj o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxslar.
Nogironligi bo‘lgan deb topish qaysi tashkilot tomonidan amalga oshiriladi?
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-fevralda “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati tashkiliy tuzilmasini va faoliyatini tashkil etishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 62-sonli qaroriga asosan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarni nogironligi bo‘lgan bola deb topish pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi. Pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi barchaga ma’lum bo‘lgan Tibbiy-ijtimoiy ekspertizasining tizimida (TIEK) hisoblanadi.
Bolalar qanday hollarda nogironlik belgilanishi uchun tibbiyot muassasasiga murojaat qilishi mumkin?
Agar bolaning umumiy ahvoli og‘irlashishi yoki olgan jarohati tufayli, sog‘ligiga zarar yetkanda, bolaning ba’zi organizmlarining normal ishlash faoliyati turg‘un buzilish bo‘lgan holatlarda o‘zi yashab turgan hududda joylashgan tibbiyot muassasasiga (poliklinika) murojaat qilishi shuningdek, qayta nogironlikni belgilash masalasida ham tibbiyot muassasasiga murojaat qilishi mumkin.
Bola murojaat qilganidan so‘ng tibbiyot muassasalari qanday ishlarni bajaradi?
Bola murojaat qilgandan so‘ng tibbiyot muassasasi ko‘rik uchun qabul qilingan kundan boshlab 5 ish kuni ichida nogironlik belgilari aniq ko‘rinib turgan, anatomik nuqsonlari (a’zo va to‘qimalarda anatomik hamda fiziologik o‘zgarishlar mavjud bo‘lishi) bo‘lgan bolalarni qo‘shimcha tekshiruvlarni o‘tkazmasdan TIEKga yuboradi. Bunda bolalarni TIEK tarkibidagi pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan tekshirish ishlari amalga oshiriladi. Ko‘rikdan o‘tkazish bepul amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati tashkiliy tuzilmasini va faoliyatini tashkil etishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi 08.02.2022 yildagi 62-son qarorining Fuqarolarni tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga 2-ilovasiga muvofiq «Nogironlik belgilari aniq ko‘rinib turgan, anatomik nuqsonlari bo‘lgan, shuningdek, noxush klinik prognozga ega kasalliklar va asoratlarning» ro‘yxati tasdiqlangan. Ro‘yxat 42ta kasalliklar va asoratlarni o‘z ichiga olgan.
Agarda bolada nogironlik belgilari aniq ko‘rinmagan bo‘lsa va tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish zarurati yuzaga kelgan taqdirda bemorga ko‘rikni o‘tkazish yuzasidan 2 ish kuni ichida aloqa vositalari orqali bemorga xabar qiladi.
TIEKda ko‘rikdan o‘tish uchun qanday hujjatlar talab qilinadi?
TIEKda ko‘rikdan o‘tish uchun quyidagi hujjatlar talab qilinadi:
- 18 yoshgacha bolaning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi;
- ota – onasining yoki qonuniy vakilining pasporti.
Bundan tashqari yuqoridagi hujjatlardan ko‘chirmalar taqdim etiladi:
- umumiy kasallik va bolalikdan nogironlik sabablarini belgilash uchun tibbiyot muassasasining yo‘llanmasi;
- kasallik tarixidan (bu tashxis qo‘yish uchun va da’vo choralarini belgilash uchun bemor yoki uning yaqinlari yordamida kasallik to‘g‘risida yig‘ilgan ma’lumotlar jamlanmasi) ko‘chirma.
Ko‘rik natijalariga ko‘ra bola nogironligi bo‘lgan deb topilsa, qay tartibda rasmiylashtiriladi?
Agar TIEK tomonidan ko‘rik natijalariga ko‘ra bola nogironligi bo‘lgan bola deb topilganda, shu kuni belgilangan shakldagi ma’lumotnoma rasmiylashtirilib, QR-kod orqali tasdiqlanib nogironligi bo‘lgan bolaga (yoki qonuniy vakiliga) beriladi. Pensiya jamg‘armasining tegishli bo‘limiga elektron tarzda o‘sha kunning o‘zida “TIEK” dasturi orqali yuboriladi.
Bolalarga nogironlikni belgilash talablari qanday?
Bolani ko‘rikdan o‘tkazish jarayonida organizm funksiyalari yengil ravishda buzilishi nogironligi bo‘lgan bola deb e’tirof etish uchun asos bo‘lmaydi, bolalar III-IV salomatlik guruhiga kiritiladi va o‘zining hududida joylashgan tibbiyot muassasasining mutaxassislari tomonidan kuzatuvda bo‘ladi.
Agar 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarda organizm funksiyalarining o‘rta, ifodalangan va kuchli ifodalangan darajadagi buzilishlari aniqlanganda, ular nogironligi bo‘lgan bola deb e’tirof etiladi.
OIV va hayot uchun xavfli va surunkali rivojlanadigan kam uchraydigan (orfan) kasallikka chalingan 18 yoshgacha bolalarga kasallik kechishi va bosqichidan qat’i nazar nogironlik belgilanadi.
Qancha muddatga nogironligi bo‘lgan bola deb belgilanadi?
18 yoshgacha bo‘lgan bolalar 1 yil, 2 yil yoki 18 yoshgacha bo‘lgan muddatga nogironligi bo‘lgan bolalar deb e’tirof etiladi.
Bolalarning tana a’zosi va a’zolar tizimlarining funksiyasi buzilishi sababli, garchi davolash natijasida ko‘rsatilgan holatlar tiklanishi mumkin bo‘lsa-da, 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning yashash faoliyatining cheklanishi va ijtimoiy hayotga moslasha olmaslik holatlarida 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar 1 yil muddatga nogironligi bo‘lgan bola deb e’tirof etiladi.
Masalan: bolada bosh va orqa miya jarohatlari hamda tug‘ruq jarohatlari oqibati, bosh va orqa miya qon aylanishining og‘ir buzilishlari kasalligi bo‘lib, tez-tez (oyda 4 va undan ko‘proq) tutqanoq xuruji, giperkinez, aqliy hamda harakat rivojlanishining orqada qolishi kabi ko‘rinishlari sezilsa bola bir yilgacha nogironligi bo‘lgan bola deb belgilanishi mumkin.
Patologik holatlar ya’ni bolalar organizmi funksiyalarining kuchli darajada buzilgan, ularning o‘zgalar yordamiga muhtojligi sezilgan va o‘ziga o‘zi xizmat qilishi chegaralangan lekin 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarda tuzalish ehtimoli bo‘lgan holatlarda 2 yil muddatga nogironligi bo‘lgan bola deb e’tirof etiladi.
Masalan: bolada tug‘ma va orttirilgan asab tizimi kasalligi bo‘lib, boshqaruvning buzilishi, nutq, ko‘rish, chanoq a’zolarining, orqa miya faoliyatining buzilishlari kabi belgilari yoki 6 oy va undan ko‘proq davom etadigan og‘ir ruhiy holatlar sodir bo‘lsa bola ikki yil muddatga nogironligi bo‘lgan bola deb belgilanadi.
O‘ziga-o‘zi xizmat qilishning to‘liq yo‘qolishiga olib keluvchi organizm faoliyatining keskin, turg‘un va orqaga qaytmas buzilishi natijasida bolalarning yashash faoliyatining kuchli darajada chegaralanishiga va ijtimoiy hayotga moslasha olmaslikka olib boradigan a’zo va uning tizimlarining patologik holatlarida 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar 18 yoshga to‘lgungacha bo‘lgan muddatga nogironligi bo‘lgan bola deb e’tirof etiladi.
Nogironligi bo‘lgan bola dastlabki ko‘rik uchun murojaat qilgan vaqtdan boshlab tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan nogironligi bo‘lgan bolaning ma’lumotlar bazasini shakllantirish, nogironlikni hisobga olish va nogironlik tuzilmasini tahlil qilish maqsadida nogironligi bo‘lgan bolalarning shaxsiy hujjatlar yig‘majildlari yuritiladi. Ushbu yig‘majildda barcha ma’lumotlar to‘planib boriladi hamda bolani keyingi TIEK ko‘riklaridan o‘tkazish vaqtida ham foydalanish uchun saqlab turiladi.
Qayta ko‘rikdan o‘tish muddati qanday amalga oshiriladi?
Nogironligi bo‘lgan bolalar qayta ko‘rikdan o‘tish muddati tugayotganligi to‘g‘risida qayta ko‘rikdan o‘tish belgilangan sanadan bir oy oldin, TIEK tomonidan xabardor qilinadi.
Xabardor qilish aloqa turlaridan foydalanilgan holda yoki nogironligi bo‘lgan bolaga tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi tibbiyot muassasalari orqali tashkil etiladi.
Foydalanilgan manbalar:
Bu maqolada sen bolalarga nogironlikni rasmiylashtirish tartibi haqida bilib olasan.
«Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi Qonunining 3-moddasida “nogironligi bor bola” so‘zi kiritilgan.
Nogironligi bor bola — bu:
- jismoniy
- aqliy
- sezgi yoki ruhiy kasalligi bor
- yashashda davlat va boshqalarning yordamiga muhtoj 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar.
Vazirlar Mahkamasining qarori bilan, 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga nogironlikni Pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi belgilaydi.
Pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi – bu bolalar shifokorlaridan tuzilgan shifokorlar guruhi.
Sen nogironligi bor bolaning:
- sog‘ligi og‘irlashsa
- jarohatlansa
- qaysidir tana a’zosining ishlashi buzilsanogironlikni qayta belgilash uchun yashash joyingdagi shifoxonaga (poliklinikaga) murojaat qilishing mumkin.
Murojaat qilganingdan keyin 5 kun ichida nogironligi aniq ko‘rinib turgan bolalarni shifokorlar tekshiruvlarsiz bolalar shifokorlari guruhiga yuboradi.
Bolalar shifokorlari guruhi nogironligi bor bolani bepul tekshiradi.
Bolada nogironlik belgisi aniq ko‘rinmasa va shifokor tekshiruvidan o‘tkazish kerak bo‘lsa, senga 2 kunda telefon orqali xabar beriladi.
Sen bolani shifokor tekshiruvidan o‘tkazishing uchun kerak bo‘ladigan hujjatlar:
- tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma (metrika)
- ota – ona yoki qonuniy vakilning pasporti
- poliklinika yo‘llanmasidan nusxa
- kasallik haqida yig‘ilgan hujjatlardan nusxa
Qonuniy vakil – bu nogironligi bor bolaga har doim qaraydigan va uning nomidan qonuniy ishlarni bajaradigan inson.
Shifokorlar guruhi bolaga nogironlik belgilasa, o‘sha paytning o‘zida nogironlik hujjatini nogironligi bor bolaga yoki uning vakiliga beradi.
Nogironlik belgilangani haqida shu kuni Pensiya jamg‘armasiga internet orqali xabar yuboriladi.
Bola tekshirilganda kasallik yengil bo‘lsa nogironlik belgilanmaydi.
Yengil kasalligi bor bola:
- uchinchi yoki to‘rtinchi salomatlik guruhiga kiritiladi va yashaydigan joyidagi shifokorlar tomonidan nazoratda bo‘ladi.
18 yoshgacha bo‘lgan bolalar tana a’zolarida o‘rta va kuchli o‘zgarish aniqlansa nogironlik belgilanadi.
OIV va kam uchraydigan xavfli kasalligi bor 18 yoshgacha bo‘lgan bolada kasallik qaysi bosqichda bo‘lsa ham nogironlik belgilanadi.
OIV – bu Orttirilgan Immunitet tanqisligi Virusi kasalligi.
18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga nogironlik:
- 1 yil,
- 2 yil
- yoki 18 yoshgacha bo‘lgan muddatlarga belgilanadi.
Belgilangan vaqt tugagach bolani qayta ko‘rikdan o‘tkazish zarur.
Kasalligi tezda tuzalib,hayotga moslashishda qiyinchilik bo‘ladigan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga 1 yillik nogironlik belgilanadi.
Masalan:
- Bola tug‘ilganda miyasi jarohatlandi.
- Bu jarohatni to‘liq davolash uchun 4 oy vaqt kerak bo‘ladi.
- Bunda bolaga 1 yillik nogironlik belgilanadi.
Bolaning tana a’zolari kuchli darajada buzilgan, o‘zgalar yordamiga muhtoj lekin tuzalishi mumkin bo‘lsa, nogironlik 2 yilga belgilanadi.
Masalan:
- Bola tug‘ilganda asab kasalligi bilan tug‘ildi.
- Bolaning davolanib sog‘lom bo‘lishi uchun 6 oy va undan ko‘proq vaqt kerak.
- Bunda nogironlik 2 yilga belgilanadi.
- O‘ziga-o‘zi xizmat qilolmaydigan
- davolansa ham sog‘ligi tuzalmaydigan
- o‘zgalar yordamiga muhtoj bolalarga nogironlik 18 yoshgacha belgilanadi.
Sen nogironligi bor bolani tekshiruvdan o‘tkazish uchun murojaat qilganingda shifokorlar bolaning barcha ma’lumotlarini to‘plashadi.
To‘plangan ma’lumotlar bolaning keyingi tekshiruvlari uchun ham saqlanadi.
Nogironligi bor bola qayta shifokor tekshiruvidan o‘tishi kerak bo‘lganda, tekshiruvdan 1 oy oldin shifokorlar guruhi (TIEK) xabar beradi.
Xabar telefon orqali yoki poliklinika shifokorlari tomonidan beriladi.
Farzandim 2025 yil yanvarda tugilgan
Unda tugma katarakta aniqlandi bitta kozida
Assalomu alaykum
Siz agar farzandingizga nogironlik belgilatish niyatida bo‘lsangiz siz biriktirilgan tibbiyot muassasasiga (poliklinika) murojaat qiling.