
O‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolaning parvarishi bilan band bo‘lgan qonuniy vakilga to‘lanadigan nafaqa
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

lllyustratsiya: Alina Olimova
lllyustratsiyaga tifloizoh: Nogironlar aravachasidagi yosh bolaning qoʻlida oʻyinchoq samolyot ushlab turibdi. Uni orqasida sariq koʻylak kiygan ayol kishi harakatlanishiga yordam beryapti.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 17.02.2022 yildagi PF-74-son Farmoniga asosan, 2022-yil 1-apreldan boshlab o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga har oylik nafaqa to‘lovi joriy etildi. Ushbu nafaqalarni tayinlash tartibi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tartibga solinadi.
Hozirgi kunda o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga har oyda 820 000 so‘m miqdorida nafaqa to‘lovi joriy etilgan.
O’zgalar parvarishiga muhtoj bo’lgan nogironligi bo’lgan 18 yoshgacha bolalarning toifasiga kim kiradi?
17.02.2022 yildagi PF-74-son Prezident Farmoniga asosan o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan 18 yoshgacha bola uchun parvarishlash nafaqasini olish uchun, 18 yoshgacha bo‘lgan nogironligi mavjud bola belgilangan tartibda «O’zgalar parvarishiga muhtoj bo’lgan nogironligi bo’lgan 18 yoshgacha bolalarning» toifasiga kirishi kerak. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni ilovasida, O‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning kasalliklari ro‘yxati keltirilgan bo’lib, ushbu ro‘yxat asosida parvarishlash nafaqasini ajratish ko’rib chiqiladi.
Parvarishlash nafaqasi qonuniy vakilga (otasi, onasi, vasiysi, homiysi, oilaga tarbiyaga oluvchisi (patronat) va farzandlikka oluvchisi) o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan bola 18 yoshga to‘lguniga qadar tayinlanadi.[1] Nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bola o‘zgalar parvarishiga muhtoj deb topilgandan so‘ng TIEK (Tibbiy ijtimoiy ekspert komissiyalari) 5 daqiqa ichida axborot tizimi orqali nogironligi bo’lgan bolaning qonuniy vakili haqidagi ma’lumotlarini vaqtinchalik yoki doimiy yashash joyidagi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limining axborot tizimiga yuboradi.
Agar 18 yoshgacha nogironligi bo’lgan bola OITSning 4 bosqich nogironligi bo’lsa, O‘zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi tomonidan 5 daqiqa ichida nogironligi bo’lgan bolaning qonuniy vakili haqidagi ma’lumotlarini vaqtinchalik yoki doimiy yashash joyidagi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limining axborot tizimiga yuboradi. Ushbu ma’lumotlarni shakllantirish tartibi bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 23.03.2023 yildagi 119-son qarorining 5-6 ilovalar orqali tanishib chiqishingiz mumkin.
O‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolaning qonuniy vakiliga “proaktiv shakl”da parvarishlash nafaqasini tayinlash tartibi qanday?
Ushbu ma’lumotlar Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo’limiga kelib tushgach, jamg’arma 5 daqiqa ichida o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo’lgan 18 yoshgacha bolaning va uning qonuniy vakilining qarindoshlik a’loqalarini tasdiqlash maqsadida, O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda O’zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi vazirligiga yuboradi. Vazirliklar 5 daqiqa ichda jamg’arma tomonidan kelib tushgan ma’lumotlarni o’zlarining axborot tizimlari orqali o’rganib chiqadi va jamg’armaga ma’lumotlarni yuboradilar.
Agar vazirliklar tomonidan 18 yoshgacha nogironligi bo’lgan bolaning qonuniy vakili to’g’risidagi ma’lumotlar tasdiqlanmasa nafaqa to’lash rad etiladi. Ushbu tekshirish jarayonlari proaktiv shaklda yani aftomatlashgan shaklda amalga oshriladi O‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolaning qonuniy vakiliga parvarishlash nafaqasi tayinlanganda, Jamg’armaga berilgan nogironligi bo’lgan 18 yoshgacha bola hamda uning qonuniy vakili haqidagi elektron ma’lumotnomada ko‘rsatilgan mobil telefon raqamiga 5 daqiqa ichida nafaqa tayinlangan muddat, nafaqa miqdori, nafaqani qachon va qayerdan olish to‘g‘risida SMS-xabar [2] keladi.
Parvarishlash nafaqasini ajratish rad etilgan taqdirda nima bo‘ladi?
O‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolaning qonuniy vakiliga parvarishlash nafaqasini tayinlash rad etilgan taqdirda, nogironligi bo’lgan 18 yoshgacha bola hamda uning qonuniy vakili haqidagi elektron ma’lumotnomada ko‘rsatilgan mobil telefon raqamiga 5 daqiqa ichida nafaqa tayinlanishi rad etilgani va uning sabablari ko‘rsatilgan SMS-xabar yuboriladi.[3]
Agar O‘zgalar parvarishiga muhtoj 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolaning qonuniy vakili haqidagi ma’lumotlar tasdiqlanmasa nafaqani to‘lash rad etilishi mumkin. Boshqa holatlarda nafaqani to‘lash rad etilishi mumkin emas. Parvarishlash nafaqasini tayinlash bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibi bilan, Vazirlar Mahkamasining 23.03.2023 yildagi 119-son qarorining 3-4 ilovalar orqali tanishib chiqishingiz mumkin.
MyGov.uz orqali parvarishlash nafaqasini olish uchun onlayn ariza topishirish mumkinmi?
Nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalar uchun va o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolaning parvarishi bilan band bo‘lgan qonuniy vakilga YaIDXP (yagona interaktiv davlat xizmatlari portali) MyGov.uz orqali nafaqa olish uchun onlayn tarzda ariza berish mumkin.
Parvarishlash nafaqasini olishga ariza berish uchun dastlab YaIDXP ya’ni MyGov.uz portalidan ro‘yxatdan o‘tish lozim. Shundan so‘ng mazkur portalda sohalar bo‘limidan ijtimoiy himoya sohasi tanlanadi.

Tanlangan sohadan esa “Ijtimoiy nafaqa tayinlash” bo‘limi tanlanadi (2-rasm).

Shundan so‘ng “Xizmatdan foydalanish” tugmasi bosilib ekran yuzasiga chiqgan so‘rovnoma shakli to‘ldirilib, so‘ngra ariza yuboriladi.
Xizmat avtomatik tarzda ko‘rsatiladi. Ya’ni siz shu soatning o‘zida xizmat natijasi bo‘yicha portal orqali yoki SMS orqali xabardor bo‘lasiz. Bundan tashqari nafaqa olish uchun shaxs davlat xizmatlari markaziga borib ariza topshirishi mumkin. Bunda barcha xizmatlar markazning xodimlari tomonidan ko’rsatiladi. Davlat xizmatlari markaziga borilganda, shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport) va nafaqa olish huquqini beruvchi boshqa hujjatlarni olib borish kerak bo’ladi.
Diqqat: Nafaqa olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar nafaqa olish huquqi paydo bo‘lgandan so‘ng istalgan vaqtda nafaqa olish uchun murojaat qilishlari mumkin.[4]
Nafaqa olish huquqiga ega shaxslarga nafaqalar tijorat bankining filiallari orqali to‘lanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 04.05.2021 yildagi PQ-5102-son qarori ning 1 ilovasiga ko‘ra, Pensiya va nafaqa to‘lovlari uchun talab etiladigan mablag‘larni har oyning 5-sanasiga qadar pensiya va nafaqa oluvchilarning shaxsiy hisobvaraqlariga moliyalashtirish.[5] Ko‘zda tutilgan ya’ni nafaqalar tijorat banklari orqali har oyning 5 sanasiga qadar o‘sha oy uchun to’lab beriladi.
18 yoshgacha nogironligi bo’lgan bolaga nafaqa nogironlik muddati belgilangan ohirgi oy uchun ham to‘lanadi. Shuningdek o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo’lgan bola 18 yoshga to‘lgan oy uchun ham to‘lanadi. Agar nafaqa oluvchining yashash joyi o‘zgarsa nafaqalar o‘zgargan yangi yashash joyining bank filiali orqali to‘lab boriladi.
Foydalanilgan normativ-huquqiy hujjatlar roʻyxati:
[1] Advice.uz
[2] O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 23.03.2023 yildagi 119-son Ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi shaxslarga nafaqa va qo‘shimcha to‘lovlarni tayinlash hamda to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash va ushbu sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish orqali davlat xizmati sifatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar haqida
[3] O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 23.03.2023 yildagi 119-son Ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi shaxslarga nafaqa va qo‘shimcha to‘lovlarni tayinlash hamda to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash va ushbu sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish orqali davlat xizmati sifatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar haqida
[4] O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 23.03.2023 yildagi 119-son Ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi shaxslarga nafaqa va qo‘shimcha to‘lovlarni tayinlash hamda to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash va ushbu sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish orqali davlat xizmati sifatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar haqida
[5] O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 04.05.2021 yildagi PQ-5102-son Fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash jarayonini soddalashtirish hamda pensiya va nafaqalarni yetkazish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Bu maqolada nogironligi bor bolani parvarish qilayotgan qonuniy vakilga to‘lanadigan nafaqa haqida ma’lumot beriladi.
Qonuniy vakil – bu yordamchiga muhtoj 18 yoshgacha bo‘lgan nogironligi bor bolaga doim qaraydigan va uning nomidan qonuniy ishlarni bajaradigan inson.
Prezidentning 2022-yil 17-fevraldagi 74-sonli Farmoniga ko‘ra yordamchiga muhtoj 18 yoshgacha bo‘lgan nogironligi bor bolalarga qaraydigan qonuniy vakilga oylik nafaqa beriladi.
Qonuniy vakilga oylik nafaqa berish Vazirlar Mahkamasi qarori bilan amalga oshiriladi.
| 18 yoshgacha bo‘lgan nogironligi bor bolaga qaraydigan inson ya’ni qonuniy vakil har oy 500 000 (besh yuz ming) so‘m nafaqa oladi. |
Yordamchilik nafaqasini olish uchun nogironligi bor bola “O‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan nogironligi bor 18 yoshgacha bolalar” turiga kirishi kerak.
Prezident Farmonida yozilgan kasallik turlariga qarab, yordamchiga muhtoj 18 yoshgacha bo‘lgan nogironligi bor bolaga qonuniy vakillik nafaqasi beriladi.
Yordamchilik nafaqasi nogironligi bor bola 18 yoshga to‘lgunicha beriladi.[1]
Nogironligi bor 18 yoshgacha bo‘lgan bola yordamchiga muhtoj deb topilganidan keyin qonuniy vakil beriladi.
| Qonuniy vakil tayinlash uchun:
● shifokorlar guruhi (TIEK) vakil ma’lumotlarini internet orqali yashash joyidagi Iqtisodiyot va moliya vazirligining tuman (shahar) Nafaqa bo‘limiga yuboradi. |
18 yoshgacha nogironligi bor bolada OITS kasalligining 4 bosqichi bor.
| OITS kasalligi bor bola vakilining ma’lumotlarini Sog‘liqni saqlash vazirligi yashash joyidagi Nafaqa bo‘limiga internet orqali yuboradi.
|
OITS – bu qonda bo‘ladigan kasallik.
Qonuniy vakilning ma’lumotlarini yaratish tartibi haqida Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 23-martdagi 119-sonli qarorining 5-6 ilovasida bilib olishingiz mumkin.
Qonuniy vakilning ma’lumotlari qarindoshlikni tekshirish uchun Adliya vazirligi, Maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi vazirligiga yuboriladi.
Adliya vazirligi, Maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi vazirliklari Nafaqa bo‘limi yuborgan ma’lumotlarni o‘rganib bo‘lib, qayta yuboradi.
Vazirliklar 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolaning qonuniy vakili ma’lumotlarini tasdiqlamasa nafaqa berilmaydi.
Qonuniy vakilga nafaqa berish belgilansa, ma’lumotnomada yozilgan telefon raqamiga
- nafaqa berish vaqti
- nafaqa miqdori
- qayerdan olish haqida SMS-xabar [2] keladi.
Vazirlar Mahkamasining 119-sonli qarorning 3-4 ilovalarida yordamchilik nafaqasini berishda davlat xizmatlari tartibi haqida yozilgan.
Nogironligi bor 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning yordamchilari My.Gov.uz internet manzili orqali yordamchilik nafaqasini olish uchun masofaviy ariza berishlari mumkin.
Yordamchilik nafaqasini olishga ariza berish uchun:
MyGov.uz internet manzilidan ro‘yxatdan o‘tish kerak.
Ro‘yxatdan o‘tgandan keyin:
- ijtimoiy himoya bo‘limi tanlanadi
Ijtimoiy himoya bo‘limidan keyin:
- Nafaqa tayinlash uchun ariza berish bo‘limi tanlanadi.
Keyin:
- Xizmatdan foydalanish tugmasi bosiladi
- ekranda ko‘ringan so‘rovnoma to‘ldiriladi ariza yuboriladi.
Ariza yuborilganidan keyin bir necha soat ichida
- gov.uz yoki
SMS orqali ariza javobini bilishingiz mumkin.
Yordamchilik nafaqasini olish uchun davlat xizmatlari markaziga borib, xodimlar bilan birga ariza topshirish ham mumkin.
Davlat xizmatlari markaziga vakil:
- pasport
- yordamchilik nafaqasini olish huquqini beruvchi hujjatlarni olib borishi kerak.
Yordamchilik nafaqasini olish huquqi berilgandan keyin vakil xohlagan vaqtda nafaqa olish uchun bank bo‘limlariga murojaat qilishi mumkin.[4]
Nafaqalar har oy 5-sanagacha o‘z egalariga yetkaziladi. [5]
Yordamchilik nafaqasi nogironligi bor bola 18 yoshga to‘ladigan oygacha beriladi.
Masalan:
- Yordamchiga muhtoj nogironligi bor bola 22-avgustda 18 yoshga to‘lsa, yordamchilik nafaqasi avgust oyi uchun ham beriladi.
Yordamchilik nafaqasini oluvchi inson boshqa joyga ko‘chib ketsa, nafaqa yangi yashash joyidagi bank bo‘limidan beriladi.
Nogironligi boʻlgan 20 ga kirgan ammo qarovchiga muxtoj 1-guruh nogiron bolasiga qarovch shaxs uchun qanday imtiyozlar bor
Assalomu alaykum
Nogironligi bo‘lgan bolani parvarishlayotgan ota yoki onaga davlat tomonidan o‘rtacha 650 ming so‘m hisobidan nafaqa ajratiladi.
Bu imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki sog‘liqni saqlash muassasasining doimiy parvarish zarurligini tasdiqlovchi tibbiy ma’lumotnomasi asosida beriladi.
Bundan tashqari bolaligidan nogironligi bo‘lgan shaxs, doimiy parvarishni talab etadigan farzandi bilan birga yashab, uni tarbiyalayotgan ota-ona oylik daromadining mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1.41 baravari miqdoridagi daromadi uchun soliq to‘lashdan ozod etiladi.
Assalomu alaykum.mening ham oʻgʻlim.Nogironligi bor ll guruh oʻng tomonlama gemaparez.uy joyimiz yoʻq oʻgʻlim nomidan ariza bersam subsidaga uy,qaraganim uchun nafaqa olsam boʻladimi?
Vaalaykum assalom! Agar o’g’lingizni yoshi 18 yoshdan oshmagan bo’lsa, unga qaraganingiz uchun nafaqa olsangiz bo’ladi. Ushbu huquqiy maqolamizda batafsil tushuntirilgan.
Uy-joy olish bo’yicha biz sizga uy-joy sotib olishda subsidiyadan foydalanishni maslahat beramiz. Bunda siz uy-joyni sotib olasiz, sotib olayotganingizda uy qiymatining bir qismi davlat tomonidan qoplanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 25-martdagi 182-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun fuqarolarga subsidiya to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi nizomga asosan fuqarolarga uy-joy sotib olishlari uchun subsidiya ajratilishi belgilangan.
Bunda ijtimoiy mezonlar asosida uy-joy uchun subsidiya ajratiladi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning quyidagi toifalari ijtimoiy mezonlarga to‘g‘ri keladi:
– birinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar;
– yolg‘iz o‘zi og‘ir nogironlikka olib keluvchi kasallikka chalingan bolani parvarishlayotgan ayollar;
– nogironligi bo‘lgan onalar.
Demak, yuqorida sanalgan toifadagi nogironligi bor shaxslar uy-joy olish uchun subsidiya olishlari mumkin. Batafsil uy-joy bo’yicha maqolamizda yozib chiqqanmiz: https://huquqplus.uz/materials/uy-joy/864
Shu kasalliklar chalingan bemorlar haydovchilik guvohnama olsa bo’ladimi
Haydovchilik guvohnomasini olish uchun siz Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi (TIEK) dan «083/h» tibbiy ma’lumotnomasini olishingiz lozim.
Agarda nogironligi bo‘lgan shaxs ushbu tekshirishdan ko‘zoynak yoki eshitish apparati bilan mashina haydashi mumkin deb topilsa, unda uning tibbiy ma’lumotnomasiga “ko‘zoynak( kontakt linza) bilan haydash majburiy” yoki “eshitish apparati bilan haydash majburiy” degan xulosa bilan ruxsat etiladi.
Tibbiy ko‘rsatmalar
Quyidagilar maxsus uskunalar bilan qayta jihozlangan (qo‘l bilan boshqariladigan) uzatkichli yengil transport vositasini boshqarishga tibbiy ko‘rsatma hisoblanadi:
harakatning ifodalangan chegaralanishiga sabab boʻladigan oyoq kaft deformatsiyasi;
oyoqning 7 sm va undan ortiqroq kaltaligi;
bir yoki ikkala son suyagining amputatsion choʻltoqligi, choʻltoqlik qaysi qismdan boʻlishi va protezlash imkoniyatidan qatʼi nazar;
bir yoki ikkala oyoq boldir sohasining amputatsion choʻltoqligi;
bir tomonlama son yoki boldir qismi choʻltogʻi, ikkinchi oyoqning harakat yoki statik faoliyatining ifodalangan darajadagi buzilishi bilan (oyoq panjasining amputatsion choʻltoqligi, deformatsiyasi, qon tomir kasalliklari, yirik periferik nervlarning shikastlanishi va boshqalar);
yurish, oʻtirish faoliyatining buzilishiga olib keluvchi umurtqa pogʻonasi, tos yoki ikkala oyoqlarning turgʻun deformatsiyasi yoki kasalliklari (oyoqlarning ankilozlovchi poliartriti, ogʻir darajadagi kifoskolioz va spondiliti, psevdoartroz, endarterit II va III darajasi, filoyoqlilik va boshqalar);
oʻtirish holati saqlangan pastki oyoqlarning parezi yoki falajligi;
chap oyoq qon tomir va nerv tolalarining shikastlanishi, ifodalangan trofik buzilishlari bilan.
Batafsil huquqiy maqolamizda o’qing: https://huquqplus.uz/materials/transport/1549
Farzandim nogiron uy qurish uchun menga subsidiary beriladimi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun fuqarolarga subsidiya to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risidagi qarorining 3-bobiga muvofiq,Yakka tartibdagi uy-joyni qurish va rekonstruksiya qilishga subsidiya ajratish uchun kelib tushgan arizalar fuqaroning mulk huquqi asosida mavjud bo‘lgan qurish va rekonstruksiya qilinishi lozim bo‘lgan uy-joyi joylashgan hududdagi komissiya tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilab o‘tilgan.
Arizani mas’ul tashkilotlar tomonidan ijtimoiy mezonlar bo‘yicha ko‘rib chiqish faqat anketa-arizada ko‘rsatilgan holatlar bo‘yicha tegishli mas’ul tashkilotlarga yuboriladi.Mas’ul tashkilotlar yetti ish kunida ariza beruvchining ijtimoiy mezonlarga muvofiqligini taqdim etilgan hujjatlar asosida tashkilotlarda mavjud ma’lumotlar bazasi bilan solishtirgan holda o‘rganib chiqadi va YIDXPda onlayn elektron shaklda quyidagi ma’lumotlarni ko‘rib chiqadi:
Tibbiyot birlashmasi — ariza beruvchi va uning oila a’zolari orasida surunkali kasallikning og‘ir turlaridan azob chekuvchi va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatga muvofiq alohida xonada yashashga muhtoj bo‘lgan shaxslar, birinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning, yolg‘iz o‘zi og‘ir nogironlikka olib keluvchi kasallikka chalingan bolani parvarishlayotgan ayollarning mavjudligini aniqlagan holda subsidiya berilishini tasdiqlaydi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak,Agar sizning farzandingiz l-guruh nogironi bo‘lsa va uni sizning o‘zingiz yolg‘iz tarbiyalayotgan bo‘lsangizgina sizga subsidiya ajratiladi.
Asos:Vazirlar Mahkamasining uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun fuqarolarga subsidiya to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risidagi qonunining 3-bobi https://lex.uz/ru/docs/-4774086?ONDATE=10.08.2022
Parvarishlash nafaqasi oladigan ona moddiy yetishmovchiliklar sabab davlat tashkilotiga ishga joylashsa parvarishlash nafaqasi rad etiladimi?
Assalomu alaykum, Nigora! Vazirlar Mahkamasining 23.03.2023 yildagi 119-son qaroriga muvofiq «parvarishlash nafaqasi qonuniy vakilga u pensiya yoki nafaqa olishidan qatʼi nazar, oʻzgalar parvarishiga muhtoj nogironligi boʻlgan har bir 18 yoshgacha bolaning parvarishi uchun alohida tayinlanadi.»
Agar O‘zgalar parvarishiga muhtoj 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolaning qonuniy vakili haqidagi ma’lumotlar tasdiqlanmasa nafaqani to‘lash rad etilishi mumkin. Boshqa holatlarda nafaqani to‘lash rad etilishi mumkin emas.
20 yoshdan keyin ozgaLar parvarishidagi muhtoj bola qanday imtiyoz bor. Mahallada hech qanday yordam berilmayapti nechi yildan beri kimga murojaat etish kerak onasiga qanday imtiyoz boladi
Assalomu alaykum! Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 17.02.2022 yildagi PF-74-son bo‘yicha parvarishlash nafaqasi faqat 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga tayinlanadi, Hozir Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan 18 yoshdan katta chuqur darajadagi aqliy zaiflik tashxisi qo‘yilgan nogironligi bor shaxslarning parvarishi bilan band bo‘lgan qonuniy vakilga parvarishlash nafaqasini tayinlash bo‘yicha taklif tayyorlangan. Lekin hozirda 18 yoshdan katta 1 yoki 2 guruh nogironligi bor shaxslarga faqat nogironlik nafaqasi yoki nogironlik pensiyasi tayinlanadi.
Yana bunday holatda, agar farzandingizda 1-guruh nogironligi bo‘lsa, bolalikdan nafaqasiga ustama qo‘shilishi mumkin. Agar kam ta’minlangan oila bo‘lsangiz, mahalladan yilda bir martalik yoki 6 oylik moddiy yordam ham olishingiz mumkin. Yana batafsilroq ma’lumotlarni olish uchun hududingizda joylashgan «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga borib bevosita murojaat qilishni tavsiya qilamiz. Qisqa raqam: 1140 (ijtimoiy xizmatlar va to‘lovlar bo‘yicha).
Mening akam 1 gurux nogironi unga qaraganim uchun nafaqa olsam bo‘ladimi
Ushbu parvarishlash nafaqasi nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolaning parvarishi bilan band bo‘lgan qonuniy vakilga to‘lanadi. Agar akangiz 18 yoshgacha bo‘lgan bo‘lsa va siz uning qonuniy vakili bo‘lsangiz va akangiz parvarishi bilan shug‘illansangiz, sizga to‘lanishi mumkin. Batafsilroq ma’lumot olish uchun, hududingizda joylashgan «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga murojaat qilishni tavsiya qilamiz.
Assalomu alaykum meni oglim ikkinchi gurux nogironi pavarish nafaqasi olaman bankdan kredit menga beriladimi yuqmi
Assalomu alaykum! Humatli fuqaro, muayyan mehnat turlari bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan kam ta’minlangan oilalarning voyaga yetgan a’zolari mikrokredit olishlari mumkin. Buning uchun siz ishchi guruh (Kasaba uyushmalari, hokimlik, bank va boshqalar) tomonidan shakllantirilgan ro‘yxatga kiritilgan bo‘lishingiz lozim.
Kredit shartlari:
Miqdori: BHMning 100 baravarigacha (hozirgi kunda 41 200 000 so‘mgacha).
Foiz stavkasi: yillik 4 foiz.
Muddati: 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga, 6 oygacha imtiyozli davr bilan.
Maqsadi: Tikuv mashinalari, asbob-uskunalar xarid qilish yoki shaxsiy tomorqani rivojlantirish (issiqxona, chorva, parranda sotib olish va h.k.) uchun beriladi.
Oilaviy tadbirkorlik uchun:
«Kambag‘al oilalar reyestri» yoki «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan oilalarga aholi tomorqasida biznesni yo‘lga qo‘yish (issiqxona, chorvachilik, parrandachilik va h.k.) uchun kreditlar naqd pulda berilishi mumkin. Agar siz asosiy ish joyiga ega bo‘lmasangiz va o‘zingizni o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tsangiz, 33 million so‘mgacha (ayrim hollarda garovsiz) kredit olishingiz mumkin.
Muhim cheklovlar:
Agar qarz oluvchi «mehnatga layoqatsiz» deb topilgan bo‘lsa, u holda kredit olish bo‘yicha ariza platforma tomonidan avtomatik ravishda rad etiladi.
Monitoring: Kredit olingandan so‘ng undan maqsadli foydalanilishi bank va mahalla vakillari tomonidan doimiy nazorat qilinadi. Agar mablag‘ boshqa maqsadga ishlatilsa, u muddatidan oldin undirib olinadi.
Siz yashab turgan mahalladagi hokim yordamchisiga murojaat qilib, «Kambag‘al oilalar reyestri» yoki tegishli ro‘yxatlarda borligingizni aniqlashtirishingiz va tadbirkorlik yo‘nalishingiz bo‘yicha tavsiyanoma olishingiz kerak.
1) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 20.10.2017 yildagi 857-son Kam ta’minlangan oilalarni bandlik bilan ta’minlash uchun tijorat banklari tomonidan mikrokreditlar ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida (https://lex.uz/docs/-3389856)
2) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 02.04.2024 yildagi PQ-149-son Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholining biznes tashabbuslarini moliyalashtirishni takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (https://lex.uz/docs/-6862227)
3) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 30.09.2025 yildagi 612-son Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga kreditlar ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (https://lex.uz/docs/-7750738)
Murojaatingiz uchun rahmat!