
Nogironligi bor shaxslarning mehnat huquqlari to‘g‘risida savol-javoblar
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Mehnat qonunchiligida nogironligi bo‘lgan xodimni rasman ishga qabul qilish tartibi, boshqa fuqarolarni ishga qabul qilish tartibidan farq qilmaydi. Faqat bunda alohida jihat shuki, ushbu shaxslar uchun qonunchilikda alohida imtiyozlar belgilangan. Ushbu imtiyozlardan foydalanish uchun, xodim ish beruvchiga barcha hujjatlar bilan bir qatorda nogironlik ma’lumotnomasini ham taqdim etishi lozim. Ayni o‘sha hujjat asosida ish beruvchilar ushbu shaxsning mehnat qonunchiligida belgilangan imtiyozlardan foydalanishlarini ta’minlaydi.
Mehnat shartnomasida sinov muddati belgilanishi mumkin. Ushbu muddatni belgilashdan asosiy maqsad – bu ishga kirayotgan xodimning ishga muvofiqligini tekshirish va xodimga ham mazkur ish o‘rnida ishlashni davom ettirish bo‘yicha qaror qabul qilishi uchun vaqt berishdir. Mehnat kodeksi 130-moddasiga asosan sinov muddati 3 oygacha, tashkilot rahbarlari, ularning o‘rinbosarlari va bosh buxgalterlar uchun 6 oygacha belgilanishi mumkin. Quyidagi hollarda sinov muddati belgilanmaydi:
-
Agar aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalaridan bo‘lgan shaxslar bandlik organlari tomonidan zaxira ish o‘rinlariga yo‘naltirilgan bo‘lsa;
-
Homilador ayol, uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayol yoki uch yoshga to‘lmagan bolani yolg‘iz o‘zi tarbiyalayotgan ota (vasiy);
-
Davlat grantlari asosida o‘qigan va oliy ta’lim tashkilotini tamomlagan kundan e’tiboran uch oy ichida yo‘llanma bo‘yicha olingan mutaxassisligiga doir ishga kirayotgan oliy ta’lim tashkilotlarining bitiruvchilari;
-
Tegishli ta’lim tashkilotini tamomlagan kundan e’tiboran bir yil ichida birinchi bor ishga kirayotganda olingan mutaxassisligi bo‘yicha mustaqil ravishda ishga joylashayotgan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim tashkilotlarining bitiruvchilari;
-
O‘zi bilan olti oygacha muddatga mehnat shartnomasi tuzilayotgan xodimlar;
-
O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar;
-
Ishga qaytadan qabul qilingan taqdirda ish beruvchi ilgari qaysi xodimlar bilan mehnat shartnomasini alohida asoslar bo‘yicha bekor qilgan bo‘lsa, o‘sha shaxslar;
-
Ishlab chiqarishda o‘qitish shartnomasi bo‘yicha ushbu ish beruvchida o‘qishni o‘tagan o‘quvchilar;
-
Ichki lokal hujjatlarda belgilangan xodimlar.
Yuqorida keltirib o‘tilgan holatlar mavjud bo‘lmagan taqdirda nogironligi bo‘lgan xodim uchun ham sinov muddati belgilanishi mumkin. Sinov davrida xodimga mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik to‘liq tatbiq etiladi. Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davri va xodim haqiqatda ishda bo‘lmagan boshqa davrlar dastlabki sinov muddatiga qo‘shilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi 427-moddasiga binoan I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlari uchun ish vaqtining davomiyligi haftasiga 36 soatdan oshmasligi belgilangan bo‘lib, bunda olti kunlik ish haftasida — olti soatdan, besh kunlik ish haftasida — yetti soat-u o‘ttiz daqiqadan ortib ketmasligi kerak va bunda nogironligi bo‘lgan shaxslarga to‘lanadigan ish haqi shu lavozimda mehnat qilayotgan boshqa xodimlar bilan bir xil miqdorda to‘lab beriladi.
Xodimlarni xizmat safariga yuborishning, ish vaqtidan tashqari ishlarga, tungi ishlarga, dam olish kunlaridagi va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ishlarga jalb qilishning o‘ziga xos xususiyatlari mavjud bo‘lib, nogironligi bo‘lgan xodimlarni xizmat safariga yuborishga, tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga hamda dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ishlarga jalb qilishga faqat ularning roziligi bilan, faqat xodimlar uchun bunday ishlar tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tavsiyalarida taqiqlanmagan bo‘lsa yo‘l qo‘yiladi. Ya’ni nogironligi bo‘lgan shaxslar ham ish vaqtidan tashqari ishlashlari mumkin. Ishdan tashqari bo‘lgan davr uchun ish haqqini to‘lash mehnat qonunchiligi bilan belgilanadi.
Mehnat Kodeksining 218 va 429-moddalarida belgilangan tartibga ko‘ra ish beruvchi I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlarga har yili 30 kalendar kundan iborat ta’til berishga majbur va ushbu ta’tildan xodim yilning o‘ziga qulay bo‘lgan davrida foydalanish huquqiga ega. Bunda Mehnat Kodeksining 227-moddasiga ko‘ra I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar ishga kirgandan keyin olti oy o‘tmasdan yillik mehnat ta’tiliga chiqishi mumkin. Bundan tashqari, agar nogironligi bo‘lgan shaxslar noqulay yoki og‘irroq mehnat sharoitida faoliyat olib borayotgan bo‘lsa, ish beruvchi boshqa qo‘shimcha ta’tillarni berishga ham majbur.
Ish beruvchi nogironligi bo‘lgan shaxsni ishga olishda tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining tavsiyalari asosida tegishli mehnat sharoitlarini yaratib berishi kerak.
Ish beruvchi I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan xodimni ishga qabul qilishda dastlabki tarzda va har yili majburiy tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishini tashkil qilishi lozim. Bundan tashqari Mehnat Kodeksining 360-moddasiga ko‘ra mehnat faoliyati davomida nogironligi bo‘lgan shaxslarni majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ish beruvchining hisobidan amalga oshiriladi.
Agarda ushbu holatlar inobatga olinmagan holda mehnat shartnomasi tuzilgan bo‘lsa, qo‘shimcha kelishuv asosida mehnat shartnomasiga o‘zgartirish kiritilishi lozim.
Masalan: Mehnat shartnomasi nogironligi bo‘lgan shaxs bilan tuzilayotganda yuqoridagi jihatlar inobatga olinmadi yoki xodim ishga kirgandan so‘ng nogironlik to‘g‘risida ma’lumotnomaga ega bo‘ldi. Bunda eski mehnat shartnomasini bekor qilib, yana yangi mehnat shartnomasini rasmiylashtirish shart emas. Eski mehnat shartnomasidagi mavjud bandlarni qo‘shimcha kelishuv orqali o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish kifoya.
Agar nogironligi bo‘lgan shaxsning ma’lumotnomasida «mehnatga layoqatsiz» degan xulosa berilgan bo‘lsa, uning nogironlik holati belgilangan hududiy TIEKga mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish layoqati to‘g‘risida ma’lumot olish uchun murojaat qiladi. TIEK tomonidan ushbu shaxsga mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun uning bugungi kundagi sog‘lig‘i holati o‘rganiladi, shaxs bilan suhbat o‘tkazilib, uning ma’lumoti, kasbi, mehnatga bo‘lgan xohishini inobatga olib, unga kasblar, bajara olishi mumkin bo‘lgan mehnat sharoitlari to‘g‘risida ma’lumot hamda Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga yo‘llanma beriladi. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashishda ish beruvchilar tomonidan berilgan so‘rov xatiga asosan mumkin bo‘lgan mehnat turlari va sharoitlari to‘g‘risida ma’lumot berilishi mumkin.
Avval tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi (TMEK) tomonidan rasmiylashtiriladigan nogironlik to‘g‘risidagi ma’lumotnomaning «Kasb va mehnat tavsiyalari» yoziladigan qismiga «mehnat layoqati buzilishi darajasi» ko‘rsatilmasdan tavsiya etilayotgan kasb nomi yoziladi. TIEK elektron bazasiga Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun tavsiya etilgan ishchi kasblar va xizmat lavozimlarining namunaviy ro‘yxati (klassifikatori) kiritiladi va ushbu ro‘yxat asosida nogironligi bo‘lgan shaxslarga kasb bo‘yicha tavsiyalar beriladi.
Ya’ni aytish lozimki, agar nogironligi bo‘lgan shaxsga TIEK tomonidan berilgan ma’lumotnomada “mehnatga layoqatsiz” deb xulosa yozilgan bo‘lsa ham, mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish va mehnat layoqati to‘g‘risida ma’lumot olish uchun nogironlik belgilagan tegishli TIEKga murojaat etishlari mumkin.
Nogironligi bo‘lgan o‘qituvchi pedagoglar navbatdan tashqari attestatsiya jarayonlariga jalb etilganda, to‘lovlarni to‘liq amalga oshirishga to‘g‘ri keladi. Bu masala bo‘yicha qonunchilikda alohida bir imtiyoz nazarda tutilmagan. Sababi, shaxs attestatsiya jarayonlariga nogironligi bo‘lgan shaxs sifatida emas, to‘laqonli o‘qituvchi pedagog sifatida jalb etiladi. Shuning uchun bu borada qonunchilikda alohida bir imtiyoz nazarda tutilmagan.