Asosiy mazmunga oʻtish
Bosh sahifa / Muvaffaqiyat hikoyalari / Ko‘rish bo‘yicha nogironligi bor maktab o‘qituvchisiga kotiba ajratishda amaliy yordam ko‘rsatildi
Barcha hikoyalar
Muvaffaqiyat hikoyasi Jizzax viloyati

Ko‘rish bo‘yicha nogironligi bor maktab o‘qituvchisiga kotiba ajratishda amaliy yordam ko‘rsatildi

Ko‘rish bo‘yicha nogironligi bor maktab o‘qituvchisiga kotiba ajratishda amaliy yordam ko‘rsatildi
01. MUAMMO

Duch kelingan muammo va to‘siqlar

Ko‘rish qobiliyati o‘ta xira bo‘lgan tajribali o‘qituvchi boshqa maktabga ishga o‘tganida, qonunchilikda belgilangan kotiba-tarjimon yordamchi shtati ajratilmay qolgan. Bu esa uning to‘laqonli dars o‘tishiga xalal bergan.

02. YORDAM

Huquqplus ko‘magi va aralashuvi

Huquqplus jamoasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan tuman Xalq ta’limi bo‘limiga hamda maktab ma’muriyatiga asoslantirilgan huquqiy murojaat kiritdi.

03. NATIJA

Erishilgan natija va ijobiy o‘zgarish

Adolat qaror topdi: maktab rahbariyati tomonidan o‘qituvchiga rasmiy kotiba-tarjimon shtati biriktirildi va o‘quv jarayoni uchun to‘siqsiz sharoit yaratildi.

04. XULOSA

Xulosalar

Inklyuziv ta’limda maxsus ehtiyojga ega o‘qituvchilarning mehnat sharoitlarini ta’minlash qonuniy burch hisoblanadi.

Hikoya tafsilotlari

Jizzaxlik fuqaro Turob Xujmamatov ko‘rish qobiliyati o‘ta xiraligi sababli ta’lim muassasasida mehnat faoliyatini amalga oshirishda qator qiyinchiliklarga duch kelgan.

Fuqaro maktabda defektolog-logoped sifatida faoliyat yuritishi, avval ishlab kelgan maktabida unga qonunchilikka muvofiq kotiba-tarjimon ajratilgan bo‘lsa-da, boshqa umumta’lim maktabiga o‘tganidan so‘ng ushbu yordam ta’minlanmay qolganligini aytib murojaat qilgan. Bu esa ko‘z bo’yicha nogironligi bor o‘qituvchining mehnat qilish, o‘z kasbiy salohiyatini to‘liq namoyon etish huquqlariga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Mazkur muammo yuzasidan loyihamiz huquqshunosi Tuyev Imomali tomonidan fuqaroga huquqiy yordam ko‘rsatildi. Yurist tomonidan amaldagi qonunchilik normalari chuqur tahlil qilinib, fuqaro nomidan tegishli davlat organlariga asosli huquqiy murojaatlar yo‘llandi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi hamda 2019-yil 28-dekabrda Xalq ta’limi vazirining 406-sonli buyrug‘i 19-bandiga muvofiq, ko‘zi ojiz o‘qituvchilar uchun kotiba-tarjimon ajratilishi davlat tomonidan kafolatlangani ko‘rsatib o‘tildi. Unga ko‘ra, agar maktabda bitta ko‘zi ojiz o‘qituvchi ishlasa, u uchun alohida tarjimon kotiba belgilanishi shart.

“Ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan umumta’lim maktablarning o‘qituvchilariga kotiba ajratish tartibi qanday?” mavzusidagi huquqiy maqolani bu yerda o’qing

Aynan shu huquqiy asoslarga tayangan holda, maktab direktori nomiga rasmiy ariza kiritildi. Natijada, Xujmamatov Turobga qonun talablariga muvofiq kotiba-tarjimon ajratib berildi. Fuqaroning arizasi qanoatlantirilgani va unga kotiba-tarjimon ajratib berilgani nafaqat uning mehnat huquqlarini ta’minlash, balki ta’lim sifatini oshirish yo’lidagi muhim qadamdir.

Hozirda fuqaro defektolog-logopedlik faoliyatini kotiba yordami bilan muvaffaqiyatli davom ettirmoqda. Ushbu ko‘mak natijasida u quyidagi vazifalarni to‘laqonli amalga oshirmoqda:

• Hujjatlar bilan ishlash: Mashg‘ulotlar rejasi, individual rivojlanish dasturlari va hisobotlarni yuritishda kotiba ko‘magidan foydalanmoqda.

• Muloqot jarayoni: O‘quvchilar va ularning ota-onalari bilan aloqa o‘rnatishda, shuningdek, maxsus terminologiyalarni tushuntirishda tarjimonlik xizmati ish jarayonini yengillashtirmoqda.

• Inklyuziv muhit: Maktab ma’muriyati tomonidan yaratilgan ushbu sharoit, imkoniyati cheklangan mutaxassislar uchun to‘siqsiz ish muhiti yaratishning namunali namunasi bo‘ldi.

Bu holat yana bir bor shundan dalolat beradiki, nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnat huquqlari qonun bilan mustahkam himoya qilingan va o‘z huquqini bilgan hamda professional huquqiy yordam orqali adolatga erishish mumkin.

Eslatma! Agarda siz ham nogironligi bo‘lgan shaxs sifatida huquq va imtiyozlaringizdan foydalanishda turli to‘siq va qiyinchiliklarga duch kelayotgan bo‘lsangiz, bizga @huquqplus_bot Telegram boti orqali murojaat qilishingiz mumkin. Buning uchun «Yurist qabuliga yozilish» xizmatidan foydalaning. Yurist qabuli sizning xohishingizga ko‘ra masofaviy yoki yuzma-yuz shaklda amalga oshiriladi. Shuningdek, +998 90 358 50 60 raqamiga ham qo’ng’iroq qilib, huquqshunosimizdan to’g’ridan-to’g’ri va tezkor huquqiy maslahat olishingiz ham mumkin. 

Telegram orqali qilingan murojaatlarga 1-2 ish kuni ichida javob berishga harakat qilamiz. Ish vaqtimiz: dushanba-shanba soat 9:00 dan 18:00 gacha. Tushlik vaqti: 13:00-14:00.

Bepul huquqiy maslahatlar BMTTD va Finlandiya Tashqi Ishlar Vazirligi tomonidan moliyalashtiriladigan «Bepul yuridik yordam ko‘rsatish uchun kichik grantlar» dasturi tomonidan ajratilgan grant asosida Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi tomonidan ko‘rsatilmoqda.

    Biz bilan bog'laning

    sizga huquqiy maslahat kerak bo‘lsa, biz bilan bog'laning

    Loyiha hamkorlari va donorlari