Dehqonobodlik fuqaro nogironligi sababli uzoq vaqt davomida ish topishda kamsitishlarga va asossiz rad javoblariga duch kelgan. Korxonalarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun belgilangan 3 foizlik ish o‘rinlari kvotasi bajarilmay kelingan.
Huquqshunos Imomali Tuyev ko‘magida tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limiga hamda ish beruvchi tashkilotlarga Mehnat kodeksining talablari asosida rasmiy so‘rovlar yuborildi.
Murojaat ijobiy hal etildi: fuqaro o‘z mutaxassisligi bo‘yicha doimiy ish o‘rniga ishga qabul qilindi, qonuniy mehnat shartnomasi tuzilib, barqaror daromad manbaiga ega bo‘ldi.
Ish beruvchilar bilan qonun talablari asosida muloqot qilish va bandlik organlari mas’uliyatini eslatish nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnat huquqini to‘liq tiklaydi.
Loyiha 2023-yil sentyabr oyida tashkil etilgandan bugungi kunga qadar birgina Telegram botimiz orqali nogironligi bo‘lgan shaxslardan 1000 dan oshiq murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, ularga malakali huquqshunoslarimiz va volontyorlarimiz tomonidan birlamchi va chuqur huquqiy maslahatlar berib kelinmoqda.
Bot orqali murojaat qilib huquqshunosimiz Imomali Tuyev yordamida o‘z muammosiga yechim topgan murojaatchilardan biri Qashqadaryo viloyati, G‘uzor tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro – Husan Xudoyorov bo‘ladi. Fuqaro shu yilning mart oyida bizga ayni paytda oliy ta’lim muassasasida talaba ekanliklari, oilali va 4 nafar bolaning otasi, turmush o‘rtoqlari ishsiz va o‘zlari 1-guruh nogironi ekanliklarini aytdilar.
«Men “Shurtan gaz kimyo majmuasi”ga ishga kirish uchun ariza bilan murojaat qilgan edim. Ammo murojaatimga ijobiy javob olmadim. Va Qashqadaryo viloyati Guzor tumani kambag’allikni qisqartirish va bandlikka ko’maklashish bo’limi boshlig’i X.A.Abdullayevga murojaat qildim. Va murojaatimga javob sifatida mening sog’ligim holati mazkur ishga mos emasligini hamda mutaxassisligim bo‘yicha bo‘sh(vakant) ish o‘rinlari yo‘qligi sababli, meni ishga olish imkoniyati mavjud emasligini bayon qilgan,» – deydi fuqaro Xudoyorov.
Husan aka ishga joylasha olmayotganlarini va shu masala bo‘yicha huquqiy maslahat va amaliy yordam berishimizni so‘rab murojaat etgandilar. Biz fuqaro bilan bog‘lanib, vaziyatni o‘rganib chiqib, murojaatchiga malakali yuristimiz Imomali Tuyev tomonidan huquqiy maslahat berildi va O‘zbekiston Respublikasi bosh prokuraturasiga ariza bilan murojaat qilishda amaliy yordam ko‘rsatildi.
Aniqlanishicha, Qashqadaryo viloyati, Guzor tumani hokimining 2023-yil 19-sentyabrdagi 246-4-56-K/23-sonli “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni 2024-yilda ishga joylashtirish uchun ish o’rinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qo’shish to’g’risida” gi qarori ijrosi bo’yicha “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ tomonidan 12 nafar ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslardan 4 nafari bo’lgan shaxslarni ishga joylashtirish belgilangan ekan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnat faoliyatini amalga oshirishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 486-sonli qarorining 3-bandida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga ish so‘rab murojaat qilgan nogironligi bo‘lgan shaxslarning ish bilan bandligiga ko‘maklashish uchun yo‘llanmalar berish lozimligi ko‘rsatilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 50-moddasining 1-qismiga ko‘ra, mahalliy davlat hokimiyati organlarining davlat qo‘shimcha kafolatlarini ta’minlaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish o‘rinlarining eng kam sonini yaratishga doir qarorlarini bajarmaslik, – mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan 20 baravarigacha jarima solishga sabab bo‘ladi.
Mazkur kodeksning 229-moddasiga binoan, bo‘sh ish o‘rinlarini yashirish, bo‘sh ish o‘rinlari yoki har bir xodim bo‘shatib olinishi kutilayotganligi to‘g‘risidagi axborotni o‘z vaqtida taqdim etmaslik, Ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga ajratmalarni to‘lashdan bo‘yin tovlash,- mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 25 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi “Prokuratura to‘g‘risida” gi 257-II-sonli qonunning 4-moddasining 1- qismiga binoan, prokuratura organlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan vazirliklar, idoralar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, hokimlar va boshqa shaxslar tomonidan qonunlarning ijro etilishi va mazkur moddaning 2-qismiga ko‘ra fuqaroning huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan qonunlar ijrosi ustidan nazorat qiladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, H.M.Xudoyorovga o‘z mutaxassisligi bo‘yicha “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ ga ishga qabul qilinishimda amaliy yordam berilishi so‘raldi. Natijada, murojaatchi Qashqadaryo viloyatida joylashgan “Shurtan gaz kimyo majmuasi” ga ishga kirishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqida fuqaro bizni video orqali xabardor qildilar. Shu kungacha ko‘p joylarga murojaat qilib, lekin natija ola olmaganligini, uning muammosi biz orqali oson hal bo‘lgani va ishga joylashganligini ta’kidlab o‘tdilar.
HuquqPlus.uz veb-portali orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarning muammosi hal bo‘layotgani, bizga ishonch bildirib murojaat qilayotgani va hayoti yengillashayotgani bizni albatta quvontiradi. Bizning sa’y-harakatlarimiz orqali nafaqat nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘z muammolariga yechim topishmoqda balki, nogironligi bo‘lgan shaxslarning qonunda belgilangan haq-huquqlari haqida xabardor bo‘lmagan va shu sababli ham nogironligi bo‘lgan shaxslarga qo‘llanilmayotgan imtiyozlar va bu bilan bog‘liq holatlar bartaraf etilmoqda.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar bizning veb-portalimizda chop etilgan huquqiy maqolani yoki bizning bot orqali savollariga yo‘llagan javoblarimizni ko‘rsatish orqali ayrim joylarda inobatga olinmayotgan o‘z huquq va imtiyozlaridan foydalana olyaptilar. Faoliyatimiz tufayli nafaqat nogironligi bo‘lgan shaxslar, balki ayrim mutasaddi tashkilotlar va ularning xodimlarining ham huquqiy savodxonligini oshirishga xizmat qilmoqdamiz.
O‘zbekistondagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) va O‘zbekiston
Respublikasi Adliya vazirligi hamkorligida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda qonun ustuvorligini va inson huquqlarini himoya qilishni mustahkamlash” loyihasi doirasida tashkil etilgan va Finlandiya Tashqi Ishlar Vazirligi tomonidan moliyalashtiriladigan «Bepul yuridik yordam ko‘rsatish uchun kichik grantlar» dasturi tomonidan ajratilgan grant asosida Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi tomonidan bepul huquqiy maslahat ko‘rsatildi.
Muallif: Adolat Abdulaminova
Tahrir: Dilmurod Yusupov