
HuquqPlus.uz orqali nogironligi bo‘lgan talaba va xodimlarning muammolari huquqiy yechimini topdi
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

2025-yil iyun oyidan boshlab BMT Taraqqiyot Dasturi va Finlandiya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan moliyalashtiriladigan “Bepul yuridik yordam ko‘rsatish uchun kichik grantlar” dasturi doirasida HuquqPlus.uz loyihasining ikkinchi bosqichi boshlandi. So‘nggi olti oy davomida jamoamiz nogironligi bo‘lgan fuqarolar va ularning oila a’zolariga bepul huquqiy yordam ko‘rsatib kelmoqda. Murojaatlar respublika bo‘ylab koll-markaz, Telegram bot, ijtimoiy tarmoqlar, veb-portal hamda Toshkentdagi bosh ofisimiz orqali qabul qilinmoqda.
Loyihamizning birinchi fazasidan boshlab faoliyat yuritayotgan va ko‘plab nogironligi bor murojaatchilarga amaliy huquqiy yordam ko‘rsatgan huquqshunosimiz Imomali Tuyev loyihaning ikkinchi bosqichida 300 ga yaqin murojaatchilar bilan bog‘lanib, ularning muammolarini o‘rganib chiqdi. Bu muammolarning ko‘pchiligini ijobiy hal etishga erishildi. Shunday murojaatlarning ayrimlarini ushbu maqolamizda o‘qishingiz mumkin.

Shu yilning iyun oyida fuqaro Bahora Baxtiyorova tomonidan @huquqplus_bot telegram botimizga ushbu mazmundagi murojaat kelib tushgan:
«Men ko‘z bo‘yicha ikkinchi guruh nogironiman. Nogironligi bo‘lgan talabalar talabalar turar-joylari bilan ta’minlanishda imtiyozli shaxslar sanalishadi. Talabalar turarjoylari bilan ta’minlashda ularning holatlari birinchi navbatda inobatga olinadi. Nogironligi bo‘lgan talabalarning talabalar turarjoylariga joylashishlari va undan foydalanishdagi to‘lovlarda ham o‘ziga xos imtiyozlar qonunchilikda nazarda tutilgan. Men o‘qishga kirganimda talabalar turarjoyining 6 oylik to’lovini birdan 1 mln 250 ming so‘m to‘laganman, bu imtiyozdan xabarim yo‘q edi. Endi shu imtiyozlar asosida meni nogiron ekanligimni inobatga olib yotoqxona to’lovidan ozod etishda amaliy yordam berishingizni so’rayman».
Ushbu muammoli vaziyatga huquqshunosimiz Imomali Tuyev tomonidan yuridik yordam ko‘rsatilgan va muammo ijobiy hal etilgan. Murojaatchiga Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-avgustdagi 376-son qarori bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentga muvofiq huquqiy asoslantirilgan maslahat berildi. Bugungi kunda talabalar turarjoyida yashash umumiy to‘lovi – 250 ming so‘mni tashkil etishi, 1-guruh nogironligi bo‘lgan talabalar talabalar turar-joylarida davlat hisobidan bepul turishi, 2-guruh nogironligi bo‘lgan talabalar talabalar turargohida yashash uchun belgilangan umumiy to‘lovning 50 foiz miqdorida to‘lovni amalga oshirishi, bu bugungi kunda 125 ming so‘mni tashkil etishi murojaatchiga tushuntirildi. Shuningdek uning murojaati yuzasidan oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga pm.gov.uz rasmiy sayti orqali murojaatchi nomidan ariza yozib jo‘natildi.
Hozirgi kunda ushbu fuqaroning muammosi ijobiy tomonga hal qilingan bo’lib, universitet xodimlari mazkur talabaning holatini o’rganib chiqib, uning talabar turar joyi uchun to’lovning yarmini ya’ni 50% miqdori davlat tomonidan to’lanishi belgilanib berilgan. Shunda talaba talabalar turar joyi uchun to’lovning yarmini to’lashdan ozod etildi.
Yana bir nogironligi bor talaba huquqshunosimiz ko’rsatgan huquqiy yordam asosida magistratura bosqichiga qabul qilindi
Fuqaro Doston Bekmurodov tomonidan shu yilning avgust oyida telegram botimizga quyidagi mazmunda murojaat kelib tushgan:
«Shu yili Guliston davlat universitetining filologiya yo‘nalishini bitirdim. Magistraturaga kirmoqchi edim. Ammo menga telefon qilishib, siz magistraturaga kira olmaysiz degan gapni aytishdi. Qanday qilib kira olmayman? Men maxsus maktabda o‘qimaganman. Lekin ular maxsus maktabda o‘qigan bo‘lishingiz kerak deyishyapti. Nima qilsam bo‘ladi?»
Ushbu muammoli vaziyatga yurist Imomali Tuyev tomonidan tushuntirish va yuridik maslahat berib o‘tildi. Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqidagi 393-sonli Vazirlar Mahkamasining qarori 3-ilovasiga muvofiq, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashgan kasb-hunar kollejlari tomonidan ko‘zi ojizlar uchun berilgan diplomga ega shaxslar, 9 yillik ko‘zi ojizlar maxsus maktab-internatida o‘qigan va 3 yillik o‘rta maxsus, kasb hunar ta’lim muassasasi diplomiga ega bo‘lgan shaxslar ko‘zi ojizlar toifasidagi abituriyentlar kirishi murojaatchiga tushuntirildi. Shuningdek, huquqshunosimiz magistraturaga hujjat topshirish jarayonlarida fuqaroga amaliy yordam ko‘rsatdi va mandat chiqquniga qadar jarayonni kuzatib bordi. Hozirgi kunda ushbu murojaatchi magistratura bosqichida o‘qishini davom ettirmoqda.
Huquqiy maslahatlar asosida murojaatchi ish o‘rnini o‘zgartirishga muvaffaq bo‘ldi
Shu yilning sentabr oyida fuqaro Dilfuza Jumanazarova tomonidan ushbu mazmundagi murojaat kelib tushgan:
«Kasalxonada farrosh bo‘lib ishlayman. Ushbu kasalxonada dezinfektorlida bo‘sh ish o‘rni bor va men sog‘lik holatim sababli ushbu ish o‘rniga joylashmoqchiman. Buning uchun nima qilsam bo‘ladi?»
Ushbu vaziyat yurist Imomali Tuyev tomonidan o‘rganib chiqilib, fuqaroga Mehnat kodeksi va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq huquqiy asoslantirilgan maslahat va tavsiyalar berildi. Hozirgi kunda murojaatchining muammosi ijobiy tomonga hal bo‘lgan. Fuqaro yuristimiz bergan tavsiyalar asosida ishxonasiga murojaat qilgan va bugunda u dezinfektor xodim sifatida faoliyatini davom ettirmoqda.
Eslatma! Agar siz nogironligi bo‘lgan shaxs sifatida huquq va imtiyozlaringizdan foydalanishda turli to‘siq va qiyinchiliklarga duch kelayotgan bo‘lsangiz, bizga @huquqplus_bot Telegram boti orqali murojaat qilishingiz mumkin. Buning uchun «Yurist qabuliga yozilish» xizmatidan foydalaning. Yurist qabuli sizning xohishingizga ko‘ra masofaviy yoki yuzma-yuz shaklda amalga oshiriladi.
- Masofaviy qabul — yuristlarimiz siz bilan bog‘lanib, huquqiy muammoingizni hal etishda amaliy yordam ko‘rsatadi.
- Yuzma-yuz qabul— har shanba kuni, soat 10:00 dan 17:00 gacha, Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Xiyobon ko‘chasi, 22-uy manzildagi bosh ofisda o‘tkaziladi. Lokatsiya: https://yandex.com/maps/-/CHAD5P1f
Telegram orqali qilingan murojaatlarga 1-2 ish kuni ichida javob berishga harakat qilamiz. Ish vaqtimiz: dushanba-shanba soat 9:00 dan 18:00 gacha. Tushlik vaqti: 13:00-14:00.
Bepul huquqiy maslahatlar BMTTD va Finlandiya Tashqi Ishlar Vazirligi tomonidan moliyalashtiriladigan «Bepul yuridik yordam ko‘rsatish uchun kichik grantlar» dasturi tomonidan ajratilgan grant asosida Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi tomonidan ko‘rsatilmoqda.