
Bepul yuridik yordam ko‘rsatish uchun 2025-yil kichik grantlar dasturida loyihamiz g‘olib bo‘ldi
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi BMTTD va Adliya vazirligi hamkorligidagi, Finlandiya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan “Bepul yuridik yordam uchun kichik grantlar” dasturida yana g‘olib bo‘ldi.
Joriy yilda 5 ta fuqarolik jamiyati tashkiloti kichik grantlar sohibiga aylandi. Ushbu grantlar bepul yuridik yordamni kengaytirish, inson huquqlarini targ‘ib qilish va jamiyatning himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan. 2025-yilda ttashkilotimiz ham g‘oliblar qatoridan yana bir bor joy oldi.

Ajratilgan kichik grant mablag‘lari HuquqPlus.uz — nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus huquqiy axborot veb-portalimiz orqali birlamchi va ikkilamchi bepul yuridik yordam ko‘rsatish, nogironlar huquqlari haqida savodxonlikni oshirishga qaratilgan tadbirlarni o‘tkazish va huquqiy ma’lumotlarni ularga qulay bo‘lgan shakllarda ulashish.
Loyihamiz haqida qisqacha ma’lumot
Loyihaning nomi: «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy savodxonligini oshirish va ular uchun qulay formatlarda birlamchi yuridik yordam ko‘rsatish» (davomiy loyiha)
Loyiha donori: O‘zbekistondagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamkorligida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda qonun ustuvorligini va inson huquqlarini himoya qilishni mustahkamlash” loyihasi doirasida tashkil etilgan va Finlandiya Tashqi Ishlar Vazirligi tomonidan moliyalashtiriladigan «Bepul yuridik yordam ko‘rsatish uchun kichik grantlar» dasturi
Loyihaning umumiy budjeti: 9 000 AQSh dollari (116,190,000 so’m)
Loyihaning davomiyligi: 02.06.2025 dan 30.10.2025 gacha (6 oy davomida)
Loyihaning milliy hamkorlari: Toshkent davlat yuridik universiteti (TDYU) Yuridik klinikasi (o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum asosida) va loyihani tashkiliy-uslubiy jihatdan ta’minlab borish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi.
Loyiha quyidagi yo‘nalishlarda faoliyat olib boradi:
- aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga (shu jumladan ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va yoshlarga) birlamchi yuridik yordam ko‘rsatish;
- huquqiy savodxonlikni oshirishga qaratilgan tadbirlarni o‘tkazish (shu jumladan ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va yoshlar uchun);
- O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi to‘g‘risidagi axborotlarni keng tarqatishga qaratilgan bosma va elektron materiallar/nashrlarni tayyorlash va e’lon qilish.
Loyiha maqsad va vazifalarining qisqa tasnifi:
- @huquqplus_bot maxsus Telegram boti orqali 6 oy davomida butun O‘zbekiston bo‘yicha turli xil nogironligi bo‘lgan shaxslarning 1500 ta murojaatiga birlamchi huquqiy yordam ko‘rsatish;
- Loyiha davomida nogironligi bo‘lgan shaxslarga ikkita yurist doimiy xizmat qilishi, shu jumladan 300 ta nogironligi bo‘lgan shaxslarga yuristlar tomonidan bepul chuqur (ikkilamchi) huquqiy maslahat va amaliy yordam ko‘rsatilishi;
- Eshitish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslarga bepul huquqiy maslahat berish maqsadida video-koll markaz tashkil qilish va ularga imo-ishora tili tarjimoni xizmatlarini ko‘rsatgan holda yuridik yordam ko‘rsatish;
- Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlariga oid har oyda 2 marta, jami 12 ta audio-podkast o‘tkazish (Telegram kanalida ovozli chat orqali);
- Kamida 12ta yangi huquqiy maqola chop etish;
- Avvalgi loyiha davomida ishlab chiqarilgan 72 ta huquqiy maqolani yangilash;
- Avvalgi loyiha davomida ishlab chiqarilgan 72 ta huquqiy maqolaning rus tiliga tarjimasini yo‘lga qo‘yish;
- huquqplus.uz veb-portalining Telegram ijtimoiy tarmog‘ida rus tilidagi Telegram kanalini yo‘lga qo‘yish;
- Nogironligi bo’lgan shaxslarning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida 6ta trening-seminarlar tashkil etish;
- Loyihaning oxirida kichik grant davomida erishilgan natijalar haqida homiylarga ma’lum qilish, boshqa fuqarolik jamiyati vakillari bilan tajriba almashish maqsadida Adliya vazirligi, Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi bilan hamkorlikda ilmiy-amaliy konferensiya tashkil qilish.
Loyiha arizasida ko‘zda tutilgan tadbirlar doirasida qamrab olinadigan maqsadli aholi guruhlari:
- nogironligi bo‘lgan shaxslarga e’tibor qaratgan holda turli shakldagi nogironligi mavjud bo‘lgan, jumladan, aqliy va ruhiy nogironlikka ega shaxslar;
- turli shakldagi nogironligi bo‘lgan bolalarning ota-onalari yoki vasiylari, aqliy va ruhiy nogironligi bo‘lgan shaxslar;
- nogironlar jamoat birlashmalari vakillari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) hamda aholining o‘z huquqlarini himoya qilishga muhtoj bo‘lgan boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari vakillari
Loyiha jamoasi:
Loyiha rahbari: Dilmurod Yusupov (e-mail: d.yusupov@sharoitplus.uz)
Loyiha koordinatori: Zafarbek Ergashov (0,5 stavkaga) (e-mail: z.ergashov@sharoitplus.uz)
Loyiha hisobchisi: Iroda Narziyeva
O‘zbek imo-ishora tili tarjimoni: Gulnora Mahkamova
SMM/kontent-menejer: Adolat Abdulaminova
Loyiha talabnomasida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirishga jalb etilishi rejalashtirilgan xodimlarning umumiy soni: 8 nafar.
Loyiha haqida savol va takliflaringiz bo’lsa bizga murojaat qiling: huquqplus.uz@gmail.com
Agar siz xam bunday xayrli ishga oʻz hissangizni qoʻshmoqchi boʻlsangiz loyihamizga homiylik qiling: https://sharoitplus.uz/xayriya-qilish/#donate-form