
Konstitutsiyamizda nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qanday yangiliklar kiritildi?
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Illyustratsiyaga tifloizoh: oq fon bilan va yorqin yashil rangda Oʻzbekiston bayrog’i ifoda etilgan. “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI KONSTITUTSIYASI KUNI BAYRAMI QUTLUG’ BOʻLSIN!” matn yozilgan. Sakkiz raqamida Oʻzbekiston bayrog’i ifoda etilgan.
Bugun 8-dekabr Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilingan sanasi. Konstitutsiya qabul qilinganiga 31 yil toʻldi. Eslatib oʻtamiz 2022-yil-30 aprel kuni Umumxalq referendumi oʻtkazildi va uning natijalariga koʻra yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi konstitutsiyasi xalqimizning huquq va erkinliklarini taʼminlab beruvchi asosiy qonunimiz hisoblanadi.
Eʼtiboringizni birinchi bir jihatiga qaratmoqchimiz. Yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyada mustaqil Oʻzbekiston tarixida birinchi bor nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari alohida qayd etilgan boʻlib «nogironligi boʻlgan shaxslar» jumlasi kiritilgan. Avvalgi Konstitutsiya matnida «nogironligi boʻlgan shaxslar» deb alohida kiritilmagan edi.
Yangi Konstitutsiyamizda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qanday yangiliklar qo‘shilganini bilmoqchi bo‘lsangiz O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi — Oybek Isoqov bilan Sharoit+ podkastimizni quyidagi havola orqali eshitib chiqishni tavsiya qilamiz.
Yangi Konstitutsiyada, nogironligi boʻlgan shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan qator kafolatlar belgilangan boʻlib quyida ular haqida toʻxtalamiz.
Oʻzbekiston — ijtimoiy davlat
Konstitutsiyada birinchi navbatda Oʻzbekiston Respublikasi ijtimoiy davlat ekanligi belgilab qoʻyildi. Ijtimoiy davlat deganda, aholining ijtimoiy himoyasiga ustuvorlik qaratiladigan, fuqarolarning insonlarning teng huquqlarga ega ekanligi, ularning turli tabaqalarga ajralishiga yo‘l qo‘ymaydigan, ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa shakldagi tengsizliklarni oldini oladigan, umumfarovonlik ta’minlangan jamiyat tushuniladi.
Yangi Konstitutsiyamizda har bir insonning xususan nogironligi boʻlgan shaxslarning ijtimoiy huquqlari – munosib mehnat qilish, tibbiy xizmatlardan foydalanish, taʼlim olish va boshqa huquqlar kafolatlanadi.
Davlat nogironligi boʻlgan shaxslarning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalar obyektlari va xizmatlaridan toʻlaqonli foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratadi, ularning ishga joylashishiga, taʼlim olishiga koʻmaklashadi, ularga zarur boʻlgan axborotni toʻsqinliksiz olish imkoniyatini taʼminlaydi.
Davlat aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarining turmush sifatini oshirishga, jamiyat va davlat hayotida toʻlaqonli ishtirok etishi uchun ularga shart-sharoitlar yaratishga hamda ularning asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda taʼminlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan choralarni koʻradi.
Nogironligi boʻlgan shaxslar davlatning ijtimoiy himoyasida
Konstitutsiyaning X bobida inson hamda fuqarolarning kafolatlari taʼminlangan boʻlib, 57-moddada quyidagicha aks ettirilgan:
Mehnatga layoqatsiz va yolgʻiz keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasidadir.
Qonunda belgilangan tartibda, nogironligi boʻlgan shaxslarga pensiyalar, nafaqalar, va boshqa ijtimoiy toʻlovlarni toʻlash Konstitutsiyada mustahkamlangan. Bir jihatga alohida eʼtibor berishimiz kerak konstitutsiyada ijtimoiy toʻlovlar (pensiya, nafaqa) va boshqalarning miqdori eng kam isteʼmol xarajatlaridan oz boʻlishi mumkin emasligi belgilangan.
Bu degani insonning hayot kechirishi jarayonida oziq-ovqat, xizmatlar va boshqa moddiy xarajatlarning eng kam miqdori qonunchilik bilan belgilanadi va nogironligi boʻlgan shaxslarga toʻlanadigan ijtimoiy toʻlovlar ushbu miqdordan kam boʻlishi mumkin emas.
Nogironligi boʻlgan shaxslar munosib mehnat qilish huquqiga ega
Konstitutsiyada nogironligi boʻlgan shaxslarning mehnat qilish huquqi ham kafolatlanadi. Mehnat qilish jarayonida esa ish haqini toʻlash insonning munosib turmush darajasini taʼminlashi kerak deb qayd etilgan.
Insonning munosib turmush darajasini taʼminlash deganda, insonning yashash xarajatlarini (oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy-joy, kommunal, transport, aloqa va boshqa) qoplash, shuningdek taʼlim olish, sogʻliqni saqlash, dam olish va boshqa ehtiyojlarini qondirish imkoniyatiga ega boʻlishi tushuniladi.
Nogironligi boʻlgan bolalar va kattalar sifatli ta’lim olish huquqiga ega
Konstitutsiyada nogironligi boʻlgan shaxslarning taʼlim olishga boʻlgan huquqi alohida eʼtirof etilgan boʻlib quyidagicha ifodalanadi:
Taʼlim tashkilotlarida alohida taʼlim ehtiyojlariga ega boʻlgan bolalar uchun inklyuziv taʼlim va tarbiya taʼminlanadi. (50-modda)
Bundan koʻrinib turibdiki davlat nogironligi boʻlgan shaxslarning taʼlim olishida teng huquqliligini taʼminlamoqda.
Nogironligi boʻlgan shaxslar malakali tibbiy xizmat olishi huquqiga ega
Konstitutsiyada har kim sogʻligʻini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega. Ekanligi qayd etilgan boʻlib barcha uchun birinchi tibbiy yordam va davolanish qonunchilikda belgilangan miqdorda bepul taqdim etiladi.
Bundan kelib chiqib shuni aytishimiz mumkinki Oʻzbekiston Respublikasida qabul qilinayotgan qonunlar va boshqa qonun osti hujjatlari, Konstitutsiyaga zid qabul qilinishi mumkin emas va ushbu qonun hujjatlarini qabul qilishda nogironligi boʻlgan shaxslarning barcha insonlar kabi oʻz huquq va erkinliklarini amalga oshirishlarini taʼminlaydi.
Foydalanilgan normativ-huquqiy hujjatlar roʻyxati:
- Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 2023-yil 30-aprel, https://lex.uz/docs/-6445145
- “Yangi Konstitutsiya nogironligi bo‘lgan shaxslarga qanday imkoniyatlar beradi?” Sharoit+ podkast, https://sharoitplus.uz/15-soni-yangi-konstitutsiyamizda-nogironlik-masalalari-qanday-aks-ettirilyapti/
Aziz Abdullayev, «HuquqPlus.uz» loyihasi koordinatori tayyorladi
Men ug’lim nogironim yurmaydi gapirmaydi davlat yordam bermayabdi uzim pulimga davolatyabman xar uchoyda toshkentga oboryabman xarajatim 6 7 mlion bulib ketmoqda
O‘g‘lingizda rasmiy nogironlik holati rasmiylashtirilganmi? Kerakli yordam olish uchun siz yashayotgan hududingizda joylashgan «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga murojaat qilishingizni tavsiya qilamiz. Shaxslar «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlariga bevosita o‘zlari borib murojaat qilishlari mumkin. Shuningdek, 1140 yoki 1146 qisqa ishonch raqamlari orqali ham onlayn shaklda murojaat qilish imkoniyatiga egalar.
Mamlakatimizning turli hududlarida joylashgan «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari manzillari, Yandex lokatsiyalari, operator ma’lumotlari va aloqa uchun telefon nomerlari bilan 4-ilovada batafsil tanishib chiqsangiz bo‘ladi: https://huquqplus.uz/wp-content/uploads/2024/09/INSON-markazlari-manzili.xlsx