Ko‘zi ojiz o‘qituvchilarga tarjimon-kotiba ajratish va ishlatish bo‘yicha savol-javoblar
- Matnli format
- Video format
- Oson matn
Menda ko‘zi ojizlik bo‘yicha nogironlik bor, agar men maktabda ishlasam menga tarjimon kotiba ajratiladimi?
Umum ta’lim maktablarida mehnat qilayotgan ko‘rish bo‘yicha nogironligi bor shaxslar uchun kotiba xizmatlari yordamida maktabda ishlash huquqi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi va 2019-yil 28-dekabrda Xalq ta’limi vazirining 406-sonli buyrug‘i 19-bandida kafolatlangan.
Unga ko‘ra, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ko‘zi ojiz o‘qituvchilar uchun tarjimon kotibalarni (rus tilida «секретарь переводчик») ajratadi. Ko‘zi ojiz o‘qituvchilar dars beradigan maktablarda har ikkita ko‘zi ojiz o‘qituvchiga bitta tarjimon kotiba ajratiladi. Agarda maktabda bitta ko‘zi ojiz o‘qituvchi ishlasa, u uchun bitta tarjimon kotiba belgilanadi.
Men tarjimon kotiba olmoqchiman kimga murojaat qilsam bo‘ladi?
Tarjimon-kotibani biriktirish uchun o‘zingiz ishlayotgan maktab direktoriga yozma ravishda murojaat qilishingiz lozim.
Tarjimon kotibaning asosiy vazifalari nimadan iborat ?
Ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan o‘qituvchiga ajratilgan tarjimon kotibaning vazifalari quyidagilardan iborat:
- maktabda unga biriktirilgan ko‘zi ojiz o‘qituvchilarning yillik ish rejasi va dars jadvali asosida ish yuritilishini ta’minlaydi;
- o‘qituvchi bilan birga dars jarayonini tashkil etishda vakolati doirasida ishtirok etadi;
- dars jarayonida o‘quvchilarning davomatini aniqlab, sinf jurnaliga o‘qituvchining ko‘rsatmasiga asosan rejadagi mavzularni yozadi va o‘qituvchi tomonidan qo‘yilgan kundalik va nazorat baholarini belgilangan tartibda qo‘yadi. Bunda bevosita husnixat bilan bog‘liq bo‘lgan orfografik va imlo qoidalariga rioya qiladi;
- biriktirilgan ko‘zi ojiz o‘qituvchining darsdan tashqari mashg‘ulotlar va to‘garak ishlarini olib borilishida ko‘maklashadi;
- joriy, oraliq va yakuniy nazorat ishlari, bosqichli va davlat attestatsiyasidagi imtihonlar o‘tkazishda yordam beradi;
- dars jarayonida o‘quvchilarga tarqatiladigan tarqatma materiallarning o‘quvchilarga tarqatilishida o‘qituvchining so‘rovi asosida yordamlashadi.
Menga kotiba ajratilgan edi. Ammo maktab direktori mening kotibamga turli yumushlar bajartirmoqda. Men qayerga direktor ustida shikoyat qilsam bo‘ladi?
Agar sizda shunday holat kuzatilsa, siz tuman xalq ta’limi bo‘limiga tegishli ariza bilan murojaat qilishingiz lozim.
Men tarjimon kotiba olmoqchi edim, ammo mening arizamni direktor rad etdi, qayerga murojaat qilsam bo‘ladi?
Maktab direktori ko‘zi ojiz o‘qituvchini kotiba bilan ta’minlash bo‘yicha zaruriy chora-tadbirlarni ko‘rmasa, tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiriga yoki shahar xalq ta’limi boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilish zarur.
Tuman (shahar) xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan bu masala ijobiy hal etilmagan taqdirda, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga va doimiy yashayotgan hududdagi tuman (shahar) ma’muriy yoki fuqarolik sudlariga murojaat qilish kerak.

«Ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan umumta’lim maktablarning o‘qituvchilariga kotiba ajratish tartibi qanday?» mavzusidagi huquqiy maqolamiz bilan batafsil tanishing.