Asosiy mazmunga oʻtish
Bosh sahifa / Muvaffaqiyat hikoyalari / Davolanish uchun order olish va boshqa masalalarda nogironligi bor shaxslarga amaliy huquqiy yordam ko‘rsatilmoqda
Barcha hikoyalar
Muvaffaqiyat hikoyasi O‘zbekiston Respublikasi hududlari

Davolanish uchun order olish va boshqa masalalarda nogironligi bor shaxslarga amaliy huquqiy yordam ko‘rsatilmoqda

Davolanish uchun order olish va boshqa masalalarda nogironligi bor shaxslarga amaliy huquqiy yordam ko‘rsatilmoqda
01. MUAMMO

Duch kelingan muammo va to‘siqlar

Ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan shaxslar ixtisoslashtirilgan shifoxonalarda yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari uchun bepul davlat orderi olishda sansalorlikka duch kelgan.

02. YORDAM

Huquqplus ko‘magi va aralashuvi

Huquqshunos Farxodjon G‘aniyev boshchiligida tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyalari va Sog‘liqni saqlash organlariga qonuniy mezonlar bo‘yicha talabnomalar rasmiylashtirildi.

03. NATIJA

Erishilgan natija va ijobiy o‘zgarish

Qisqa fursatda bir necha nafar fuqaroga davlat hisobidan bepul davolanish va reabilitatsiya uchun rasmiy orderlar ajratib berildi.

04. XULOSA

Xulosalar

Tibbiy huquqlarni himoya qilishda o‘z vaqtida ko‘rsatilgan yuridik ko‘mak insonlar hayoti va salomatligini saqlab qolishda muhim o‘rin tutadi.

Hikoya tafsilotlari

Loyihamizda faoliyat boshlaganiga ko’p vaqt bo’lmagan Farxodjon G’aniyev bugungi kunda respublikamizning turli hududlarida istiqomat qiluvchi ko’plab nogironligi bor fuqarolar va ularning oila a’zolariga huquqiy maslahat va amaliy yordamlar ko’rsatishga ulgurdi. Ushbu maqolamizda huquqshunosimiz orqali muammolariga yechim topgan ayrim murojaatchilarimiz haqida hikoya qilamiz.

2025-yil iyun oyidan boshlab HuquqPlus.uz veb-portali yuristlari 300 ga yaqin nogironligi bo‘lgan fuqarolar bilan bog‘lanib, ularga tezkor huquqiy yordam ko‘rsatib kelishmoqda. Huquq+ Telegram botimizdagi “Yurist qabuliga yozilish” bo’limi orqali huquqshunosimiz Farxodjon G’aniyevdan o’z muammolariga huquqiy yechim topgan murojaatchilar 100 nafarga yaqinni tashkil etadi.

Farhodjon G’aniyev haqidagi muvaffaqiyat hikoyasi va faoliyati haqida bu yerda o’qing.

Jizzax viloyatidan Nargiza Nazarova II guruh nogironligi bo‘lib davlatimiz tomonidan berilgan imtiyozlarning deyarli barchasidan bexabar edilar. Yuristimiz Farxodjon ushbu murojaatchi bilan telefon orqali bog‘lanib, davlatimizning nogironligi bo‘lgan fuqarolarga qilib bergan imtiyozlari haqida batafsil amaliy huquqiy tushunchalar berdilar.

Shuningdek, nogironlik guvohnomasi tiklanishi va sanatoriyaga ham navbatga qo‘yilishida amaliy huquqiy yordam ko‘rsatildi. Hozirda fuqaro loyihamiz ko’rsatgan huquqiy yordamdan mamnun chunki nogironlik guvohnomasini qayta tiklanib, «Marjon Suv Sihatgohi»da davolanyaptilar ekan.

Tibbiy order olishda huquqiy yordam ko‘rsatildi

Shu yilning avgust oyida Qashqadaryo viloyatida yashovchi fuqaro Mehriddin Eshmamatov ko‘rish bo‘yicha nogironligi borligi, oilaviy sharoiti og‘irligi, davolanishga ehtiyoji borligi lekin turli tashkilotlarga qilgan murojaatlari javobsiz qolganini aytib, bepul davolanishda amaliy yordam berishni so‘rab, Huquq+ Telegram botimizda murojaat qoldirgan.

Murojaat loyihamiz huquqshunosi Farxodjon Ganiyev tomonidan o‘rganib chiqildi. Fuqaroning nogironligi bo‘lgan shaxs sifatida davlat tibbiyot muassasalarida order orqali bepul davolanish huquqi bo‘lishiga qaramasdan fuqaro bu imtiyozdan foydalana olmagan va bugungacha pulli davolanib kelgan. Huquqshunosimiz tomonidan murojaatchiga tibbiy order olish va uni olish tartibi bo‘yicha tushuntirish olib borildi va order olish uchun ariza topshirildi.

Tibbiy order olishda yordam so‘rab murojaat etgan yana bir fuqaro Surxondaryolik Ulug‘bek Tashanov bo‘ladilar. Ulug‘bekka huquqshunosimiz tomonidan tibbiy order olish bo‘yicha ariza kiritildi va hozirgi kunda murojaatchimiz bu order asosida davlat tibbiyot muassasasida davolanib kelmoqda.

Ulug‘bek shuningdek, ayni vaqtda turmush o‘rtog‘i bilan ajrashganligi, farzandi ayoli qaramog‘ida ekanligi va farzandi bilan doimiy uchrashuv uchun sudga ariza yozishda ham yordam so‘ragan. Bu murojaat bo‘yicha ham amaliy yordam ko‘rsatilib, murojaatchi nomidan ariza kiritib berildi.

Ulug‘bek Tashanovga tayyorlab berilgan ariza nusxasi

Fuqaroga noqonuniy yozilgan jarima bekor qilindi

Qashqadaryolik fuqaro Farxod Yoqubov 12.07.2025 kuni Qarshi tumanida o‘z avtomobilida harakatlanish chog‘ida YPX inspektori tomonidan MjtKning 128X4-moddasi 1-qismi bilan huquqbuzarlik sodir etganlikda aybdor deb topilib, bu bo‘yicha qaror rasmiylashtirgan.

Lekin fuqaro bu qaror unga tegishli emasligi va Ichki Ishlar xodimlarining xatosi tufayli rasmiylashtirilganini ta’kidlab @huquqplus_bot ga murojaat qoldirgan. Ushbu masala ham huquqshunosimiz Farxod G’aniyev tomonidan o’rganib chiqilib, haqiqatdan ham jarima noqonuniy rasmiylashtirilganligiga aniqlik kiritildi va sudga hamda Ichki Ishlar Vazirligining 1102 raqamiga fuqaro nomidan da’vo arizasi tayyorlanib yuborildi. 1102 raqamiga yuborilgan ariza ko’rib chiqilishi natijasida, noqonuniy ravishda jarima yozgan Yo’l-patrul xodimi jarimani to’lab berishiga erishildi.

Eslatma! Siz koll-markazimiz orqali malakali yuristlarimizdan bepul huquqiy maslahat olishingiz mumkin. +998 (90) 358-50-60 raqamiga qo’ng’iroq qiling yoki Telegram orqali @huquqplus_info akkauntiga o’z savollaringizni matn, audio va videoformat shaklida ham jo’natishingiz mumkin.

Shuningdek, @huquqplus_bot Telegram botining «Yurist qabuliga yozilish» bo’limida murojaatlaringizni qoldirishingiz mumkin. Telegram orqali qilingan murojaatlarga 1-2 ish kuni ichida javob beriladi. Ish vaqtimiz: dushanba-shanba soat 9:00 dan 18:00 gacha. Tushlik vaqti: 13:00-14:00.

Bepul huquqiy maslahatlar BMTTD va Finlandiya Tashqi Ishlar Vazirligi tomonidan moliyalashtiriladigan «Bepul yuridik yordam ko‘rsatish uchun kichik grantlar» dasturi tomonidan ajratilgan grant asosida Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi tomonidan ko‘rsatilmoqda.

    Biz bilan bog'laning

    sizga huquqiy maslahat kerak bo‘lsa, biz bilan bog'laning

    Loyiha hamkorlari va donorlari