Olis hududlarda yashovchi nogironligi bor shaxslarning poytaxtdagi malakali huquqshunoslar bilan bog‘lanish va tezkor bepul maslahat olish imkoniyati cheklangan edi.
Huquqplus Telegram botida «Yurist qabuliga yozilish» xizmati yo‘lga qo‘yildi, masofaviy va yuzma-yuz uchrashuvlar orqali arizalar qabul qilindi.
300 dan ortiq fuqaroga bepul huquqiy xizmat ko‘rsatilib, arizalar yozib berildi, da’volar sud va idoralarga kiritilib, muammolar ijobiy hal qilindi.
Raqamli yechimlar va xolis huquqiy yordam har bir inson uchun adolat eshiklarini ochiq qiladi.
Loyihaning ikkinchi bosqichida murojaatchilarga yanada qulaylik yaratish maqsadida @huquqplus_bot ga bir qator yangi funksiyalar qo‘shildi. Loyiha huquqshunoslariga bevosita murojaat qoldirish imkonini beruvchi “Yurist qabuliga yozilish” xizmati ishga tushirildi. Bu imkoniyat murojaatchilarga o‘z xohishiga ko‘ra masofaviy yoki yuzma-yuz tashkilotimiz bosh ofisida tezkor amaliy huquqiy yordam olish imkonini beradi.
2025-yil iyun oyidan boshlab huquqshunoslarimiz 150 dan ortiq nogironligi bo‘lgan fuqarolar bilan bog‘lanib, ularga tezkor huquqiy yordam ko‘rsatishdi. “Yurist qabuliga yozilish” orqali huquqshunosimiz Imomali Tuyevdan o‘z muammosiga yechim topgan murojaatchilardan biri abituriyent Farangiz Xo‘jamberdiyeva. U shu yilning iyun oyi oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirish jarayonida duch kelgan muammolarini yozib, ularni hal qilishda yordam so‘rab, quyidagicha murojaat qoldiradi:
«Men 2-guruh nogironiman, o‘qishga topshirmoqchi edim, eski telefon raqamimga sms kelyapti, lekin men hozirda boshqa telefon raqam ishlataman. Shuni yangi telefon raqamimga almashtira olmayapman. Shunga yordam bersangiz. Ikkinchi masalam shuki, mening imtiyozlarimda xotin-qizlar bo‘yicha imtiyoz ko‘rsatilyapti, ammo meni imtiyozim 2-guruh nogironi ekanligim. Shu imtiyozni qanday qilib ikkinchi guruh nogironiga o‘zgartirish mumkin?»

Yurist tomonidan muammo batafsil o‘rganib chiqildi. Murojaatchi savoliga asosan, uning my.uzbmb.uz saytidagi profiliga kirib, eski telefon raqamini yangi telefon raqamiga o‘zgartirishga amaliy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, ushbu saytdagi imtiyozlar bo‘limiga ham murojaatchining nogironlik bo‘yicha imtiyozini yuklashga erishildi. Endilikda murojaatchi ikkinchi guruh nogironligi bo‘yicha imtiyozidan foydalanib OTMga kirish imtihonlarida ishtirok etdilar.
Telegram bot orqali yuristimizga murojaat qilib, o‘qishga hujjat topshirishda yuzaga kelgan muammoni hal qilgan murojaatchilarimizdan yana biri Andijonlik Olimxo‘ja Tursunov bo‘ladilar. Murojaatchi ko‘z bo‘yicha 1-guruh nogironi bo‘lib, oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshirish jarayonlarida qiyinchiliklarga duch kelgan va telegram bot orqali yuristddan amaliy yordam so‘ragan. Huquqshunosimiz yuzaga kelgan muammoni o‘rganib chiqib, fuqaroga hujjatlarni tayyorlash va topshirish jarayonlarida yordam berib o‘tgan.
Yuqoridagi murojaatchilarimizning ikkisi ham O‘zbekiston Milliy universitetiga o‘qishga qabul qilindi. Bu yutuq bilan murojaatchilarimiz qatorida talabalik baxtiga muyassar bo‘lgan barcha yoshlarni tabriklab qolamiz.
Eslatma! Agar siz nogironligi bo‘lgan shaxs sifatida huquq va imtiyozlaringizdan foydalanishda turli to‘siq va qiyinchiliklarga duch kelayotgan bo‘lsangiz, bizga @huquqplus_bot Telegram boti orqali murojaat qilishingiz mumkin. Buning uchun «Yurist qabuliga yozilish» xizmatidan foydalaning. Yurist qabuli sizning xohishingizga ko‘ra masofaviy yoki yuzma-yuz shaklda amalga oshiriladi.
Shuningdek, siz koll-markazimiz orqali malakali yuristlarimizdan bepul huquqiy maslahat olishingiz mumkin. +998 (90) 358-50-60 raqamiga qo’ng’iroq qiling yoki Telegram orqali @huquqplus_info akkauntiga o’z savollaringizni matn, audio va videoformat shaklida ham jo’natishingiz mumkin. Telegram orqali qilingan murojaatlarga 1-2 ish kuni ichida javob beriladi. Ish vaqtimiz: dushanba-shanba soat 9:00 dan 18:00 gacha. Tushlik vaqti: 13:00-14:00.
Bepul huquqiy maslahatlar BMTTD va Finlandiya Tashqi Ishlar Vazirligi tomonidan moliyalashtiriladigan «Bepul yuridik yordam ko‘rsatish uchun kichik grantlar» dasturi tomonidan ajratilgan grant asosida Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi tomonidan ko‘rsatilmoqda.