
Huquqni muhofaza qilishi akademiyasi talabalariga nogironlar huquqlari bo‘yicha trening o‘tildi
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

2026-yilning 27-oktabr kuni Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi hamkorligida Akademiya talabalari uchun maxsus trening tashkil etildi.
Tadbir Toshkent shahrining Yunusobod tumanida joylashgan Akademiya binosida bo‘lib o‘tdi. Dastur «Nogironlik tushunchasi va nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya» mavzusiga bag‘ishlandi. Mazkur treningda 65 dan ortiq talabalar ishtirok etdi.

Ushbu treningning asosiy maqsadi bo‘lajak huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarida nogironlikka inson huquqlari nuqtai nazaridan yondashish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari va qadr-qimmatini hurmat qilish hamda o‘z faoliyatlarida inklyuziv va kamsitishga yo‘l qo‘ymaydigan yondashuvni qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantirishdan iborat bo‘ldi.

Tadbir davomida taqdimotchi Muxabbat Raximova ishtirokchilarga nogironlik tushunchasi va uning modellari haqida batafsil ma’lumot berdi. Dunyo aholisining 16 foizida, ya’ni 1,3 milliard kishida ma’lum bir nogironlik holati mavjudligi qayd etildi.
Trening dasturi davomida quyidagi asosiy masalalar muhokama qilindi:
- Nogironlik faqatgina tibbiy holat emasligi, balki tana funksiyalari buzilgan insonlar hamda munosabat va infratuzilma bilan bog‘liq to‘siqlar orasidagi o‘zaro aloqa natijasi ekanligi tushuntirildi.
- Nogironlikka nisbatan xayriya, tibbiy, ijtimoiy va inson huquqlari modellari tahlil qilinib, jamiyatni o‘zgartirishga qaratilgan yondashuvlarning ahamiyati ko‘rsatib o‘tildi.
- BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasining asosiy maqsadi va 8 ta muhim tamoyili ko‘rib chiqildi.
- Sud va huquqni muhofaza qilish tizimida qonun oldida tenglik, odil sudlovga erishish hamda sud va huquqiy jarayonlar uchun protsessual moslashtirishning muhimligi (Konvensiyaning 12 va 13-moddalari) ta’kidlandi.
- Zo‘ravonlik va ekspluatatsiyadan himoya qilish jarayonlarida (16-modda) xizmatlar qulay hamda maxfiy bo‘lishi, shuningdek, jabrlanuvchiga ishonchli va hurmatli munosabatda bo‘lish talab etilishi tushuntirildi.
Treningning ikkinchi qismida ishtirokchilar huquqni muhofaza qilish sohasida uchrashi mumkin bo‘lgan to‘siqlarni amaliy vaziyatlar orqali tahlil qildilar. Bo‘lajak kadrlarda muloqotda hurmatli tildan foydalanish, tenglik va oqilona moslashtirish tamoyillarini qo‘llash orqali inklyuziv yechimlar ishlab chiqish ko‘nikmalari rivojlantirildi.

Tadbir yakunida Konvensiya xayriya emas, balki inson huquqlari va davlat majburiyatlari haqida ekanligi xulosa qilindi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar yordam obyekti emas, balki teng huquqli insonlardir va ularning mustaqil tanlovini hurmat qilgan holda jamiyat hayotida to‘liq ishtirok etishi uchun barcha to‘siqlarni bartaraf etish har birimizning vazifamiz ekanligi alohida qayd etildi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi (HMQA) hamda Toshkent shahar «SHAROIT PLUS» nogironlar jamoat birlashmasi o‘rtasida 2026-yil 23-aprel imzolangan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum doirasida amalga oshirildi.
Tadbir BMTTD va Finlandiya Tashqi Ishlar Vazirligi tomonidan moliyalashtiriladigan «Bepul yuridik yordam ko‘rsatish uchun kichik grantlar» dasturi tomonidan ajratilgan grant asosida Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi tomonidan tashkil.
Suratlar: Huquqni muhofaza qilish akademiyasi rasmiy saytidan.