Ko‘rish bo‘yicha I guruh nogironligi bo‘lgan Farxodjon dastlab huquqiy yordam va o‘z huquqlarini himoya qilish maqsadida Huquqplus loyihasiga oddiy murojaatchi sifatida murojaat qilgan. Jamiyatda to‘siqlarga duch kelish, huquqiy bilimlarga ehtiyoj uning oldida turgan asosiy muammo edi.
Huquqplus jamoasi Farxodjonga nafaqat amaliy huquqiy maslahatlar berdi, balki uning salohiyatini qo‘llab-quvvatlab, loyiha volontyorlik dasturiga jalb etdi. Doimiy o‘quv mashg‘ulotlari va amaliyot orqali yuridik ko‘nikmalari mustahkamlandi.
Farxodjon o‘zining mustahkam irodasi bilan yuridik sohani puxta egalladi va bugungi kunda Huquqplus loyihasining yetakchi yuristi sifatida faoliyat yuritmoqda. U hozirgacha 300 dan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxslarga bepul huquqiy yordam ko‘rsatib, ularning muammolarini hal etishga erishdi.
Insonning nogironligi uning jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga to‘siq emas. To‘g‘ri yo‘naltirilgan huquqiy va ijtimoiy ko‘mak insonni yordam oluvchidan boshqalarga yordam beruvchi yetakchi mutaxassisga aylantira oladi.
Loyihamizda aynan turli xil nogironligi bor huquqshunoslarimiz faoliyat yuritishi inklyuziyaning asosidir. Sababi, aynan nogironligi bor shaxslarning o‘zlarida hayotiy tajriba bo‘ladi va ular boshqa nogironligi bor shaxslar kundalik hayotlarida duch kelayotgan huquqiy muammolarni yaxshi his qilishadi va tushunishadi. Bu esa «Biz haqimizda faqat biz orqali» xalqaro tamoyiliga ham to‘liq to‘g‘ri keladi.
Ana shunday nogironligi bor yuristlarimizdan biri – Farxodjon G‘aniyev bo‘ladilar. Samarqandlik ushbu jamoamiz a’zosi 2024-yil o‘zlari bizga murojaat qilib huquqiy yordam so‘raganlar. HuquqPlus.uz veb-portalida chop etilgan huquqiy maqolamiz asosida davlat xizmatlaridan 50 % chegirma bilan foydalanganlari, imtiyozli temiryo‘l chiptasini olishga muvaffaq bo‘lganlari haqida muvaffaqiyat hikoyasi bilan bo‘lishgan edik.

«Samarqandlik nogironligi bo‘lgan obunachimiz huquqplus.uz veb-portali yordamida davlat xizmatlari va temiryo‘ldagi imtiyozlardan foydalandi» muvaffaqiyat hikoyasini havola ustiga bosib batafsil o‘qing.
Farxodjon G‘aniyev 2023-yil oktyabr oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan bir tadbirda ishtirok etish chog‘ida “Sharoit Plyus” nogironlar jamoat birlashmasi xodimlari bilan tanishib qoladi va ulardan loyiha haqida xabar topadi. Shundan so‘ng ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimizga obuna bo‘lib, bizning chop etib borayotgan huquqiy maqolalarimizni o‘qib borgan va o‘zi duch kelayotgan muammolarga yordam so‘rab murojaat qilgan.
Jumladan, qonunda belgilab qo‘yilgan lekin amaliyotda o‘z aksini topmagan nogironligi bor shaxslarga bir yilda bir marta poyezd uchun imtiyozli chipta olishda qiyinchilikka duch kelgan. Qonuniy asoslarini bilish uchun ushbu mavzuda yozilgan huquqiy maqolamizni o‘qigan va bizga murojaat qilgan.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar avtoturargohlardan bepul foydalanishi, my.gov.uz portalida davlat xizmatlaridan foydalanishda belgilangan 50%li chegirma ham amaliyotda qo‘llanilmayotgani kabi holatlar bo‘yicha bizga murojaat qilgan. Shundan so‘ng, u barcha muammolariga yechim topgan va qonunchilikda belgilangan imtiyozlardan foydalanishga muvaffaq bo‘lgan.
Bugun Farxodjon oddiy murojaatchi emas — u o‘z huquqlarini biladigan va ularni hayotda qo‘llay oladigan inson. HuquqPlus.uz veb-portali orqali Farxodjon nafaqat o‘z imkoniyatlarini kengaytirdi, balki boshqalarga ham huquqlarini o‘rganish va undan foydalanish zarurligini o‘z hayoti misolida ko‘rsatib bermoqda. U bir nechta bosqichli saralash jarayonidan so‘ng 2025-yil iyun oyidan boshlab loyihamizda nogironligi bo‘lgan shaxslarga chuqur (ikkilamchi) huquqiy maslahat va amaliy yordam ko‘rsatuvchi yurist sifatida ishga kirdi.

G‘aniyev Farxodjon Utkirjon o‘g‘li tarjimai holi haqida batafsil o‘qing.
Farxodjon o‘zida ham orttirilgan jismoniy nogironlik holati borligi sababli nogironligi bor shaxslar duch kelayotgan qiyinchiliklar va muammolarni juda yaxshi tushunadi va qo‘lidan kelgancha nogironligi bor shaxslar huquqlarining amaliyotda qo‘llanilishida ham o‘z hayotiy tajribasi, ham bir huquqshunos sifatida amaliy va nazariy tarafdan tashabbus ko‘rsatishga tayyorligini aytadi.
Farxodjon o‘z hikoyasida shunday deydi: “Bo‘sh ish o‘rni e’lon qilingach loyihada ishlab, nogironligi bor shaxslarga yordam berishda kuchli istagim borligi uchun bu ish o‘rniga qabul qilinmasam ham, ko‘ngilli volontyor sifatida ishlash niyatim borligini bildirib elektron pochtadan xat jo‘natdim. O‘zimda nogironlik holati mavjudligi uchun nafaqat o‘z haq-huquqlarimni talab qilishni, balki boshqa nogironligi bor shaxslarga ham huquq va imtiyozlaridan foydalanishda yo‘l ko‘rsatishni, yordam berishni xohlayman. Chunki barcha nogironligi bor shaxslar ham men kabi o‘z huquqlaridan xabardor emas”.
Loyihada faoliyat boshlaganiga ko‘p vaqt bo‘lmagan Farxodjon G‘aniyev qisqa vaqt davomida 100 dan ortiq murojaatchilarimizga amaliy huquqiy yordam ko‘rsatishga ulgurdi. Loyihada faoliyat yuritayotganidan mamnunligini bildirgan Farxodjon bugun inklyuziv jamoamizning ajralmas qismiga aylangan. Huquqshunosimiz bundan keyingi faoliyatlarida kuch-quvvat va muvaffaqiyat tilab qolamiz. Mana shundan shijoat va chin dildan nogironligi bor fuqarolarga yordam ko’rsatishda hech qachon charchamang deymiz.
Bepul huquqiy maslahatlar BMTTD va Finlandiya Tashqi Ishlar Vazirligi tomonidan moliyalashtiriladigan «Bepul yuridik yordam ko‘rsatish uchun kichik grantlar» dasturi tomonidan ajratilgan grant asosida Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi tomonidan ko‘rsatilmoqda.