O‘qish, turar joy va transport xarajatlari uchun yoshlarga subsidiya bo‘yicha savol-javoblar
- Matnli format
- Video format
- Oson matn
O‘qish, turar joy va transport xarajatlari uchun, nogironligi bor shaxslar uchun davlat tomonidan subsidiyani qancha miqdorgacha olsam bo‘ladi?
Bunday turdagi subsidiya davlat tomonidan yiliga 500 nafar nogironligi bor shaxsga beriladi. O‘qish, turar joy va transport xarajatlari 1 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs uchun ajratiladigan subsidiya miqdori jami BHMning 50 baravari (20 600 000 so‘m)dan oshmasligi kerak. Hozirgi kunda bazaviy hisoblash miqdori (BHM) – 412 000 so‘mni tashkil etadi.
O‘qish uchun oylik subsidiya qancha miqdorgacha ajratiladi?
O‘qish xarajatlarini qoplash uchun ajratiladigan subsidiyaning har oylik miqdori bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan, ya’ni 2 060 000 so‘mdan oshmasligi lozim.
Transport xarajati uchun subsidiya qancha miqdorda ajratiladi?
Transport uchun subsidiya har bir kilometr uchun 6800 so‘m miqdorda ajratiladi. Masalan siz kuniga o‘qish uchun 4 kilometr transportda yurasiz, bu masofa uchun kuniga 27 200 so‘m miqdorda subsidiya beradi.
Yashash uchun subsidiya qancha miqdorda beriladi?
Yashash joyi uchun xarajatlarning 1 sutkada BHM ning 10% miqdorida, ya’ni 1 sutka uchun 41 200 so‘m miqdorida bir oylik miqdori taxminan 1 236 000 so‘m miqdorida subsidiya orqali qoplanishi mumkin.
Men faqat yashash uchun subsidiya olsam bo‘ladimi?
Yo‘q, yashash va transport uchun subsidiya o‘qish uchun subsidiyadan keyin beriladi. Chunki bu subsidiyaning maqsadi nogironligi bo‘lgan shaxslarning subsidiya orqali o‘qishiga qulay shart-sharoitlar yaratish hisoblanadi.
O‘qish xarajatlarini qoplash uchun subsidiya talablari qanday?
O‘qish xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratish bo‘yicha quyidagi talablar mavjud:
Subsidiya ajratishni so‘rab murojaat qilganda barcha hujjatlar to‘liq va to‘g‘ri taqdim etilishi kerak.
O‘qish xarajatlarini qoplab berish uchun subsidiyalar 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga ajratiladi.
O‘qish uchun subsidiyaga qanday qilib ariza topshirsa bo‘ladi?
1 -usul. Davlat xizmatlari markazlari orqali bunda fuqaroga subsidiyani olish uchun arizani davlat xizmatlari markazidagi xodimlar yordamida to‘ldirish va yuborish imkoni mavjud;
2-usul. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali mustaqil ravishda topshirish imkoniyati mavjud.
Yashash joy va transport subsidiyalari talablari qanday?
Yashash joy va transport xarajatlarini qoplash uchun subsidiyani ajratish bo‘yicha quyidagi talablar mavjud:
Subsidiya ajratishni so‘rab murojaat qilganda barcha hujjatlar to‘liq va to‘g‘ri taqdim etilishi kerak.
Yashash va transport xarajatlarini qoplab berish uchun subsidiyalar 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga ajratiladi.
Yashash joyi va transport uchun subsidiyani olish uchun, kimga murojaat qilishim lozim?
Subsidiya olish maqsadida 2 usulda ariza bilan murojaat qilishlari mumkin.
- 1-usul. Davlat xizmatlari markazlari orqali bunda fuqaroga subsidiyani olish uchun arizani davlat xizmatlari markazidagi xodimlar yordamida to‘ldirish va yuborish imkoni mavjud;
- 2-usul. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali mustaqil ravishda topshirish imkoniyati mavjud.
Subsidiyaga arizalar qanday holatlarda rad etilishi mumkin?
Arizalar quyidagi hollarda rad etilishi mumkin:
- subsidiya olish uchun 500 nafar talabgorning arizasi qabul qilingan bo‘lsa;
- subsidiya ajratishni so‘rab taqdim etgan arizada ma’lumotlar noto‘g‘ri ko‘rsatilganda yoki to‘liq bo‘lmaganda;
- ariza beruvchi ruhiy kasalliklarga chalingan bemorlar ro‘yxatida, shuningdek, narkologiya dispanseri hisobida tursa;
- ariza beruvchida nogironlik mavjud bo‘lmasa;
- ariza beruvchi o‘qimoqchi bo‘lgan nodavlat ta’lim tashkilotida tegishli yo‘nalish bo‘yicha o‘qitish vakolati mavjud bo‘lmasa;
- o‘qish xarajatlari uchun shartnomaning bir oylik to‘lov miqdori bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oshsa;
Bunday holatlar yuzaga kelganda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan ariza beruvchiga tegishli kamchiliklar ko‘rsatilgan holda SMS-xabarnoma yuboriladi.
Agar ariza beruvchi ushbu ko‘rsatilgan holatlarni bartaraf etsa, qaytadan ariza yuborishi mumkin bo‘ladi.

«Nogironligi bo‘lgan yoshlarning o‘qish, yashash va transport xarajatlarini qoplash uchun subsidiya olish tartibi qanday?» mavzusidagi huquqiy maqolamiz bilan batafsil tanishing.