Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozlar mavjudmi?
- Matnli format
- Video format
- Oson matn
O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 380-moddasiga ko‘ra, bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar, shuningdek I va II-guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3 baravari miqdoridagi daromadlari bo‘yicha soliq solishdan ozod etiladi. Bunday imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining (TIEK) ma’lumotnomasi asosida beriladi.
Masalan, siz korxonada yetakchi mutaxassis bo‘lib ishlaysiz va sizda ikkinchi guruh nogironligi bor, oyligingiz esa shtat jadvali bo‘yicha 6 million so‘mni tashkil etadi. Ma’lumki, xodimlar oylik daromadlarining 12 foizi miqdorida daromad so‘lig‘i to‘laydi. Agar siz ushbu imtiyozdan foydalanmoqchi bo‘lsangiz, u sizning oylik daromadlaringizning faqatgina mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3 barobarigagina tatbiq etiladi.
2023-yil 1-dekabr holatiga ko‘ra, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 1 million 50 ming so‘mni tashkil etmoqda. Bunda imtiyoz quyidagicha hisoblanadi: 6 000 000 – 3 150 000 = 2 850 000. Ushbu summaning 12 foizi – 342 000 so‘m.
Demak, siz imtiyozdan foydalangan holda, jami 342 000 so‘m daromad solig‘i to‘lashingizning o‘zi yetarli. Bunday imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki TIEKning ma’lumotnomasi asosida beriladi. Ushbu imtiyozdan foydalanish uchun yuqorida aytilgan hujjatlarni soliq idorasiga taqdim etish lozim.

Soliq qonunchiligida nogironligi bo‘lgan shaxslarning ayrim imtiyozlari haqida batafsil havolaga bosib huquqiy maqolamizda tanishing.