
O‘zbekistonda ilk bora “Oson matn” formatida huquqiy maqolalar chop etila boshlandi
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

HuquqPlus.uz maxsus veb-portali nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan bo‘lib, loyiha doirasida huquqiy maqolalar matn, audio, video va O‘zbek imo-ishora tili formatlarida taqdim etilyapti. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlariga oid ma’lumotlar Telegram, Instagram va YouTube ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarimizda ham e’lon qilib borilmoqda.
O‘zbekistondagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamkorligida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda qonun ustuvorligini va inson huquqlarini himoya qilishni mustahkamlash” loyihasi amalga oshirib kelinmoqda. Ushbu tashabbus doirasida tashkil etilgan va Finlandiya Tashqi Ishlar Vazirligi tomonidan moliyalashtiriladigan «Bepul yuridik yordam ko‘rsatish uchun kichik grantlar» dasturi doirasida tashkilotimiz HuquqPlus loyihasi qamrovini yanda kengaytirib, bir nechta yangi xizmatlarni joriy qildi:
- nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan ijtimoiy sahifalarimiz, Telegram bot va koll-markazimizga kelib tushadigan savollarga bepul huquqiy masalahat va amaliy yordam ko‘rsatish;
- O‘zbekistonda ilk bora “Oson matn” formatida huquqiy maqola chop eta boshladik. Bu esa, aqliy nogironligi bo‘lgan shaxslarga ham to‘siqsiz huquqiy ma’lumot qabul qila olish imkonini beradi.

Bu formatda huquqiy maqolalarni chop eta boshlaganimizdan keyin bizga obunachilarimiz tomonidan iliq fikrlar, takliflar kela boshladi. «Oson matn» formati haqida obunachilarimizdan biri shunday hikoya qiladi:

“Men rivojlanishida o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lgan bolaning onasiman. Qizim hozir 19 yoshda. U rivojlanishida o‘ziga xos xususiyatlarga ega bolalar uchun mo‘ljallangan maxsus maktabni tugatgan. Hayot davomida men farzandimga yordam berish uchun ko‘p narsalarni o‘rganishimga to‘g‘ri keldi. Men ta’kidlashni istagan birinchi narsa – nogironligi bo‘lgan bolalar uchun “tushunarsiz” tilda tuzilgan o‘quv dasturlari va darsliklar,» – deydi Vasila Qodirova.
O‘qishda qiyinchiliklari bo‘lgan bolalar ma’lumotlarni va topshiriqlarni sodda talqin qilishlari kerak. Hozirgi tuzilgan o‘quv dasturlari afsuski, bu talablarga javob bermaydi. Buning natijasida, o‘qishdagi qiyinchilik va tushunmovchiliklar ularning savodsizligiga olib keladi. Bunday bolalar maktabni bitirgach, ko‘pincha mustaqil hayotda o‘z o‘rinlarini topishga qiynalishadi va uyda o‘tirishadi . Shu bilan birga, ota-onalar ham bu borada xavotirga tushishadi. Chunki bunday bolalarni o‘qish davomida va undan keyin mos ravishda kuzatib borish tizimi mavjud emas.
«Shuni ta’kidlashni istardimki, “oson o‘qiladigan” matnlarni, rasmlar bilan boyitilgan materiallarni (autizm, Daun sindromi va boshqa holatlari bo‘lgan bolalar va kattalar uchun) joriy etish juda zarur. Boshqa davlatlarda allaqachon “easy-to-read” – “o‘qish uchun oson” formatidan foydalanilmoqda. Bu turli xildagi nogironligi bo‘lgan shaxslar, shuningdek, o‘qish va yozishda qiynaladigan nafaqa yoshidagi kattalar, xotira bilan bog‘liq muammosi bo‘lganlar uchun foydali bo‘ladi. Qizim va men “Sharoit Plyus” nodavlat notijorat tashkilotining a’zolarimiz va Huquq Plus loyihasini doimiy o‘qib boramiz. Men veb-portalda chop etiladigan huquqiy maqolalarni o‘qib, qizimga u tushunadigan soddaroq tilda tushuntirib berardim. Yaqinda loyihada “oson matn” formatida ham ma’lumotlar chop etilayotgani e’lon qilindi. Bu biz uchun ham ajoyib yangilik bo‘ldi. Bu format oson shaklda ma’lumot olishga muhtoj odamlarga katta yordam beradi,” – deb tushuntiradi Vasila.

Loyihamiz jamoasi “Oson o‘qiladigan” matn formatini ishlab chiqishda xalqaro standartlarini o‘rganib chiqdi. Natijada, bu formatga muhtoj shaxslar ehtiyojlarini hisobga olgan holda “Oson matn” formati quyidagi asosiy qoidalar asosida ishlab chiqildi:

- Matn qisqa jumlalarga bo‘lingan.
- Matn har bir gap va uning mazmunini ifodalovchi rasmlar bilan boyitilgan.
- Tilni iloji boricha soddalashtirib, barcha kerakli murakkab so‘zlar va atamalar tushuntirilgan.
- Matn sahifaning o‘ng tomoniga, rasmlar esa sahifaning chap tomoniga joylashtirilgan.
- Dizaynda minimal darajadagi elementlar va rasmlardan foydalanilgan.
Loyihamizning asosiy maqsadi turli xil nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy savodxonligini oshirish, o‘z haq-huquqlarini bilishlari va undan amaliyotda foydalana olishlarida to‘g’ri yo‘l va yordam ko‘rsatishdan iborat. Buning uchun biz huquqiy axborotni nafaqat ular uchun qulay bo‘lgan formatda taqdim etamiz, balki bepul professional yurist xizmatini ham ko‘rsatamiz. Tashkilotimiz barcha uchun teng huquq va imkoniyatlar yaratish uchun harakat qiladi!
Huquqiy maqolalarning «Oson matn» formatini tayyorlashda jamoamizning quyidagi mutaxassislari faoliyat yuritishmoqda:
Zarinabonu Latipova – «Oson matn» formatini yaratish bo‘yicha bosh muharrir
Arziyeva Nargiza – «Oson matn» formatini tayyorlash bo‘yicha yordamchi muharrir
Xusnitdinova Nafisa – «Oson matn» formati illyustratsiyasini tayyorlovchi illyustrator.
Oson matn formati haqida izoh va takliflaringiz bo‘lsa, iltimos, huquqplus.uz@gmail.com elektron pochta manzilimizga yozing.
Matn va suratlar: Adolat Abdulaminova
Tahrir: Dilmurod Yusupov