
HuquqPlus.uz faoliyatining 2025-yil sarhisobi raqamlar va muvaffaqiyat hikoyalarida
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Xabaringiz bor, huquqplus.uz loyihasi 2023-yil sentyabr oyidan beri faoliyat olib bormoqda. 2025-yil davomida loyiha doirasida nogironligi bor shaxslarga huquqiy ma’lumot va maslahatlarni qulay tarzda yetkazish maqsadida yangi qulayliklar yaratildi.
Telegramdagi @huquqplus_bot foydalanishga qulay tarzda qayta ishlab chiqildi va mukammallashtirildi. Xususan, bot ichida yangi funksiyalar, tayyor savol-javoblar va «Yurist qabuliga yozilish» bo‘limi ishga tushirildi. Yurist qabuli masofaviy yoki yuzma-yuz shaklda amalga oshiriladi:
- Masofaviy qabul — yuristlarimiz siz bilan bog‘lanib, huquqiy muammoingizni hal etishda amaliy yordam ko‘rsatadi.
- Yuzma-yuz qabul— har shanba kuni, soat 10:00 dan 17:00 gacha tashkilotimiz «SHAROIT PLYUS» NNT bosh ofisida.

Shuningdek, murojaatchilarning muammolarini tez va qulay hal etish maqsadida, yuristlarimiz bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘lanish oson bo‘lishi uchun koll-markaz (+998 (90) 358-50-60) va yurist Telegram akkaunti ochildi. Murojaatlar telefon qo‘ng‘irog‘i, telegram akkaunti va telegram bot orqali qabul qilinib, 1-2 ish kuni ichida ko‘rib chiqildi va javob berildi.
300 dan ortiq murojaatlarga telefon orqali bog‘lanib, murojaatchining muammosi batafsil o‘rganib chiqildi va huquqiy yechimlar taklif etildi hamda amalga oshirildi.
Ushbu murojaatlar quyidagi mavzular doirasida qabul qilingan va qayta ishlangan:
- Nogironlik masalalari (35 ta murojaat – 11,67%)
- Umumiy imtiyozlar va subsidiyalar (85 ta murojaat – 28,3%)
- Ta’lim va talabalar masalalari (47 ta murojaat – 15,67%)
- Moliyaviy va iqtisodiy masalalar (66 ta murojaat – 22%)
- Huquqiy va maishiy masalalar (67 ta murojaat – 22,3%)
Bular ichida eng ko’p «Umumiy imtiyozlar va subsidiyalar» mavzusi doirasida murojaatlar kelib tushgan va ularning taqsimoti quyidagicha:
Subsidiyalar, uy-joy ijarasi va auksion subsidiyalari;
«Daftarlar» orqali yordam (Ayollar, Yoshlar daftari);
Ta’lim imtiyozlari (Grantlar, kontrakt subsidiyasi).
Quyida ushbu mavzularga doir ayrim murojaatlar va ularga huquqiy yordam ko’rsatish jarayonlari hamda natijalari haqida ma’lumotlar bilan tanishishingiz mumkin:
Farg’onalik murojaatchi Mohidil Jo’raboyeva ko’z bo’yicha ikkinchi guruh nogironligi borligi, ayni vaqtda universitet talabasi ekanligi va «Yoshlar daftari»ga kira olmayotganligi hamda bu masalada yordam so’rab murojaat qilgan. Huquqshunosimiz Imomali Tuyev murojaatchining «Yoshlar daftari»ga kira olmayotgani sabablarini o’rganib chiqib, murojaatchi nomidan daftarga kiritishni so’rab, asosiy sabablarni ko’rsatgan holda, pm.gov.uz portali orqali Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligiga ariza jo’natib berdi. Shuningdek, fuqaroning nogironligi bor shaxs sifatida qanday huquq va imtiyozlari borligi haqida tushuntirishlar berib o’tildi. Fuqaro ko’rsatilgan amaliy yordam asosida «Yoshlar daftari» da ro’yxatga olindi.
Yana bir murojaatchi Qashqadaryolik fuqaro Shukurova Marjona «Imkon» ta’lim loyihasi doirasida chet tillarini o‘rganish uchun subsidiya olish masalasida yordam so’rab murojaat qilgan. Fuqaroga ushbu dasturga aloqador 2025-yildagi 632-sonli hukumat qarori tushuntirildi. Bu loyiha doirasida14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarga o‘qish xarajatlarining bir qismini qoplab berish tartibi, shartlari va hujjat topshirish tartibi bo’yicha batafsil ma’lumot va tushuntirishlar berib o’tildi.
Samarqandlik fuqaro Sherzod Aktamov opasi uy-joy olish uchun subsidiyaga ariza bergani va ariza rad eilganini aytib, rad etish sababini ko’rib berishni so’rab murojaat qilgan. Subsidiya daromadi yuqori bo’lmagan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo’lgan oilalarga ijtimoiy mezonlar asosida berilishi hamda bu ijtimoiy mezonlar haqida ma’lumotlar berib o’tildi. Shuningdek, fuqaroning murojaati nima uchun rad etilgani aniqlab berildi. Subsidiya olishda rad etish sabablarini bartaraf etish va qayta ariza topshirish bo’yicha tavsiyalar berildi.
Huquq+ Telegram botiga kelib tushgan murojaatlar
2025-yil mobaynida Telegram botimiz orqali nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularning yaqinlariga minglab bepul huquqiy maslahatlar berildi. Jami murojaatchilar soni 4 211 nafarga yetib ulardan ayollar – 2 060 nafar, erkaklar – 2 151 nafarni tashkil qildi.
Botimizga murojaat qilganlar orasida II-guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar – 69%ni tashkil qildi, I-guruh – 14% va nogironlik guruhi yo‘qlar – 9%.
Murojaatchilar aksariyatining nogironlik holati jismoniy nogironlik – 1376 nafar, boshqa turdagi nogironlik – 1206 nafar va ko‘rish bo‘yicha nogironlik – 939 nafar.
Eng ko‘p murojaat qilingan huquqiy sohalar: ta’lim – 1 499 ta murojaat, ijtimoiy himoya – 1005 ta, mehnat – 408 ta.
Eng ko‘p murojaatlar Surxondaryo viloyatidan – 630ta kelib tushdi. Ikkinchi o‘rinda Samarqand viloyati – 541ta murojaat. Qashqadaryo viloyati esa uchinchi o‘rinda – 404ta murojaat.
Ushbu raqamlar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun o‘z huquqlarini bilishi va himoya qilishi uchun ishonchli axborot manbasining naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi.
Yangi video format va huquqiy maqolalar
2025-yil davomida TDYU Yuridik klinikasi volontyorlari bilan hamkorlikda qisqa formatdagi videolar ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizga joylab borildi. Ushbu yangi format orqali nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘zlariga kerakli ma’lumotlarni qisqa va qulay tarzda olishga muvaffaq bo‘lishdi.
Yil davomida 19ta yangi huquqiy maqolalar, 20 dan ortiq O‘zbek imo-ishora tilida huquqiy maqolalar videosi, 30dan oshiq reels formatidagi videolar chop etildi.
Nogironlar huquqlari sohasida yangi hamkorlik
2025-yil 17-noyabr kuni Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi va O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Davlat va huquq instituti o‘rtasida nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini tadqiq etish va himoya qilish sohasida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan memorandum imzolandi.

“Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni
2025-yil 10-dekabr Toshkent shahar “SHAROIT PLUS” nogironlar jamoat birlashmamiz inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlardagi samarali faoliyati uchun yuksak mukofot — “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi.

“SHAROIT PLYUS” NJB o‘z oldiga qo‘ygan ezgu maqsadlaridan og‘ishmaydi. Biz nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish, ular uchun jamiyatda teng imkoniyatlar yaratish va inklyuziv muhitni rivojlantirish borasidagi ishlarimizni yanada shijoat bilan davom ettiramiz.
Bunday maqsad va vazifalarimizni amalga oshirish uchun HuquqPlus.uz — nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus huquqiy axborot veb-portalimizni rivojlantiramiz.
2025-yilda bepul huquqiy maslahatlar BMTTD va Finlandiya Tashqi Ishlar Vazirligi tomonidan moliyalashtiriladigan «Bepul yuridik yordam ko‘rsatish uchun kichik grantlar» dasturi tomonidan ajratilgan grant asosida Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi tomonidan ko‘rsatilgan.
Asosiy hamkorimiz Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi.
boliyorovdiyorbek779@gmail.com men 4 darajali karlik Nogironiman 3 gurx
Sizga qanday huquqiy maslahat yoki yordam berolamiz?