Asosiy mazmunga oʻtish
Bosh sahifa / Muvaffaqiyat hikoyalari / Nogironligi bo‘lgan fuqarolarga mehnat va ta’lim bilan bog‘liq huquqlaridan foydalanishda amaliy yordam ko‘rsatildi
Barcha hikoyalar
Muvaffaqiyat hikoyasi Buxoro viloyati / Toshkent

Nogironligi bo‘lgan fuqarolarga mehnat va ta’lim bilan bog‘liq huquqlaridan foydalanishda amaliy yordam ko‘rsatildi

Nogironligi bo‘lgan fuqarolarga mehnat va ta’lim bilan bog‘liq huquqlaridan foydalanishda amaliy yordam ko‘rsatildi
01. MUAMMO

Duch kelingan muammo va to‘siqlar

Nogironligi bor xodimga ish beruvchi tomonidan noqonuniy ravishda ishdan bo‘shatish tahdidi qilingan hamda ta’lim olayotgan fuqarolarga belgilangan sharoitlar yaratilmagan.

02. YORDAM

Huquqplus ko‘magi va aralashuvi

Huquqshunos Bekjon Ismailov ish beruvchiga Mehnat kodeksidagi qat’iy kafolatlarni huquqiy asoslab beruvchi rasmiy ogohlantirish xatini tayyorladi.

03. NATIJA

Erishilgan natija va ijobiy o‘zgarish

Fuqaroning ish joyi to‘liq saqlab qolindi, asossiz talablar bekor qilindi hamda uning qonuniy mehnat qilish huquqi kafolatlandi.

04. XULOSA

Xulosalar

Mehnat qonunchiligidagi kafolatlardan xabardorlik ish beruvchilar tomonidan nohaq tazyiqlarning oldini oladi.

Hikoya tafsilotlari

Bugungi kunga qadar birgina huquqplus.uz boti orqali 2000 nafardan oshiq murojaatlar kelib tushgan. Bu murojaatlarga jamoamiz huquqshunos mutaxassislari va volontyorlari tomonidan javoblar berilib, amaliy yordam ko‘rsatilgan.

Murojaatchilar orasida huquqshunosimiz Bekjon Ismailov (hozirgi kunda O‘zbekiston davlat milliy universiteti ijtimoiy fanlar fakulteti Katta o‘qituvchisi, falsafa fanlari doktori, Ph.D.) tomonidan huquqiy maslahat va amaliy yordam olib, o‘z muammosini hal qilgan fuqarolarimiz talaygina.

Buxorolik fuqaroga ish joyini saqlab qolishda amaliy yordam berildi

Saidov Mustaqim Mustafoyevich 1980-yilda Buxoro viloyati Peshku tumanida tugʻilgan. Jismoniy nogironlik boʻyicha 2-guruh nogironligi boʻlgan fuqaro bizga 14.09.2024 kuni quyidagi mazmunda murojaat qilgan:

«Zavodda elektromontyor boʻlib ishlayotgan holatimda, yiqilib, nogiron boʻlib qolganman. Men 5-razryadli elektromontyor sifatida ishlab kelganman. Nogiron boʻlib qolganimdan keyin, meni ishdan chetlashtirishga harakat qilishyapti. Shu holatda oʻzimni himoya qilishim uchun nima qilsam boʻladi?»

Murojaatchiga, mehnat qonunchiligi boʻyicha, ishxona rahbarlari nogironlik holatiga asoslanib ishdan chetlashtirishga haqi yoʻqligi, nogironlik holatidan kelib chiqib, ushbu fuqaroga toʻgʻri keladigan bir ishni tavsiya qilish kerakligi atroflicha tushuntirib berildi. Bu masala boʻyicha sudga murojaat qilish shart ekanligi tavsiya qilindi.

Shuningdek, murojaatchiga, ariza yozib berish va murojaatni ijobiy hal qilish uchun kerak boʻladigan hujjatlarni tayyorlab berishga amaliy yordam berish imkoniyati mavjud ekanligi taklif etildi. Murojaatchi bilan ishlash jarayonida uni asosiy lavozimiga boʻlmasada, nogironlik holatiga mos tushadigan ish taklif etilishigacha boʻlgan bosqichlarda amaliy yordam berildi.

Toshkent viloyatida yashovchi fuqaroga ish yeri bilan bogʻliq muammolarni hal etishda yordam koʻrsatildi

Bizga murojaat qilib, amaliy koʻmak olgan navbatdagi fuqaro – Joʻrayeva Dilfuza Ergashovna 1974-yilda Toshkent viloyati Chirchiq shahrida tugʻilgan. Yurak kasalliklari boʻyicha 2-guruh nogironi boʻlgan ushbu fuqaro 11.06.2024 sanasida Issiq suv taʼminoti korxonasida ishlashi, ishxonada mukofot pullarini tayinlashda noqonuniy xatti-harakatlar kuzatilayotgani ustidan shikoyat bilan murojaat qilgan.

Bu murojaatchiga ham mukofot pullarini saqlab qolishda, oʻz mehnat huquqlarini tiklashda amaliy yordam berilgan. Jumladan, kasbiy razryadlari noqonuniy pasaytirilib, ishdan ketishga noqonuniy harakat qilinganda, huquqiy himoya qilinib bu murojaatchini ishga saqlab qolishga erishilgan.

Fargʻonalik nogironligi boʻlgan oʻquvchiga kompyuter savodxonligi kursida oʻqish boʻyicha huquqidan foydalanishida yordam koʻrsatildi

Yana bir murojaatchimiz Fargʻona viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro – Soliyev Bekzod Umidjon oʻgʻli 2010-yilda tugʻilgan. Eshitish va gapirish boʻyicha 2-guruh nogironi boʻlgan fuqaro 21.06.2024 kuni ushbu mazmunda murojaat yoʻllagan:

«Men maxsus internat maktabida taʼlim olaman. Kompyuter savodxonligi boʻyicha qoʻshimcha kursga bormoqchi edim. Bu masalada kimga murojaat qilsam boʻladi».

Murojaatchiga, imo-ishora tili tarjimoni yordamida oʻzi taʼlim olayotgan maktab direktoriga ariza bilan murojaat qilishi kerakligi atroflicha tushuntirildi. Bu boʻyicha taʼlim oluvchining kompyuter savodxonligi boʻyicha toʻgarakka borish huquqi taʼminlanishida amaliy yordam koʻrsatildi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar veb-portal va ijtimoiy tarmoqlarimizda chop etib borilayotgan huquqiy maqolalarni o‘qib borayotganligi, o‘z huquqiy savodxonligini oshirib, haq-huquqlari cheklanayotgan o‘rinlarda buni anglab yetib, bizga murojaat qilayotgani bizni quvontiradi. Nogironligi bor fuqarolarimizning ishonchini oqlash va ularning hayotlarini yengillashtirish maqsadida tezkor va sifatli huquqiy yordam ko‘rsatish uchun doim harakatdamiz.

Nogironligi bo‘lgan fuqarolarimiz bizga veb-portalimiz, Telegramdagi Huquq+ botimiz va koll-markazimiz +998 (55) 500-50-60 (3 raqamini bosish kerak) orqali murojaat qilishlari va o‘z muammolariga huquqiy yechim topishlari mumkin.

O‘zbekistondagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamkorligida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda qonun ustuvorligini va inson huquqlarini himoya qilishni mustahkamlash” loyihasi doirasida tashkil etilgan va Finlandiya Tashqi Ishlar Vazirligi tomonidan moliyalashtiriladigan «Bepul yuridik yordam ko‘rsatish uchun kichik grantlar» dasturi tomonidan ajratilgan grant asosida Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi tomonidan bepul huquqiy maslahat ko‘rsatildi.

    Biz bilan bog'laning

    sizga huquqiy maslahat kerak bo‘lsa, biz bilan bog'laning

    Loyiha hamkorlari va donorlari