
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy savodxonligini oshirish va ularga bepul yuridik yordam ko‘rsatish sohasidagi muammolar va ularning yechimlari mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

2024-yilning 28-sentyabr kuni Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi bilan hamkorlikda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy savodxonligini oshirish va ularga bepul yuridik yordam ko‘rsatish sohasidagi muammolar va ularning yechimlari” mavzusida gibrid formatda konferensiya oʻtkazdi.

2024-yil holatiga ko‘ra O’zbekistonda rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan nogironligi bo‘lgan shaxslarning umumiy soni 967 925 nafarni tashkil etadi va raqam ko‘payib boryapti. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va erkinliklari qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda aks ettirilgan. Oxirgi yillar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan bu sohaga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yaqinda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g’risida”gi qonuni yangi tahrirda qabul qilindi. 2021-yil 7-iyunda esa Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) “Nogironlar huquqlari to‘g’risida”gi Konvensiya ratifikatsiya qilindi. Yangi qabul qilingan Konstitutsiyamizda mustaqil Oʻzbekiston tarixida birinchi bor nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari alohida qayd etildi.
Afsuski, ko‘pgina nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy savodxonligi past darajada bo‘lib, ular qonunlarda kafolatlangan huquqlari haqida bexabar qolib ketishmoqda. Bunga sabab, umumiy va huquqiy ta’lim olishdagi to‘siqlar va qonunlarimiz qiyin yuridik tilda yozilganligi bo‘lishi mumkin. Undan tashqari, nogironligi bo‘lgan shaxslar yuridik yordam va maslahat olishda to‘siqlarga uchrashyapti. Oqibatda huquqlar faqatgina qonunlarda aks ettirilib, amalda ularni ijrosini ta’minlashda bir qator muammolarga duch kelinmoqda.
Ushbu muammolarga innovatsion va inklyuziv yechim sifatida 2023-yil 4-sentyabrdan boshlab Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi (nodavlat notijorat takshiloti) Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki (YeTTB) Jamoatchilik Tashabbusi yordamida “HuquqPlus.uz – maxsus huquqiy axborot veb-portali orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy madaniyati va savodxonligini oshirish” loyihasini amalga oshirib kelmoqda. Toshkent davlat yuridik universiteti (TDYU) bilan o‘zaro hamkorlik memorandumi tuzilib, universitet qoshida tashkil etilgan Yuridik klinika xodimlari va volontyorlari bilan hamkorlik o‘rnatildi.
Loyihaning maqsadi – turli shakldagi nogironligi bo‘lgan shaxslar, ularning ota-onalari yoki vasiylari, nogironlar jamoat birlashmalari vakillari hamda aholining boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining huquqiy madaniyati va savodxonligini oshirish hamda ularning huquqlarini himoya qilish. Maxsus veb-portalda huquqiy ma’lumotlar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun to‘rt xil formatda taqdim etilyapti: oddiy matn, audio formati — ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun, video formati — eshitish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun O‘zbek imo-ishora tilida va oson matn — aqliy nogironligi bo‘lgan va o‘qishda qiynaladigan shaxslar uchun.
Hozirgi kunda, veb-portalda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlariga oid 70 ta huquqiy maqola chop etilib, ular qulay formatlarda ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarda taqdim etilyapti. 2024-yil 1-may kunidan boshlab Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) va Finlandiya Tashqi Ishlar Vazirligi tomonidan moliyalashtiriladigan «Bepul yuridik yordam ko‘rsatish uchun kichik grantlar» dasturi tomonidan ajratilgan grant asosida loyiha doirasida yangi xizmatlar joriy qildi.

Jumladan, www.huquqplus.uz huquqiy axborot veb-portalining Telegram-boti (https://t.me/huquqplus_bot) ishlab chiqildi va ushbu bot orqali TDYU Yuridik klinikasi volontyorlari bilan hamkorlikda 1700 dan ortiq murojaatlarga bepul huquqiy asoslantirilgan maslahatlar berildi. Shuningdek, loyihaning malakali huquqshunoslari tomonidan 300 dan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxslarga amaliy huquqiy yordam berildi.
Shuningdek, loyiha doirasida aqliy va ruhiy nogironligi bo‘lgan, yetarli darajada savodxonlikka ega bo‘lmagan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun O‘zbekistonda ilk bor huquqiy axborotlarning “oson matn” formati ishlab chiqildi. Natijada, 70 ta huquqiy maqola va “Nogironlar huquqlari to‘g‘risida”gi BMT Konvensiyasining oson matn formati ham ishlab chiqildi.

Bo‘lib o‘tgan konferensiyada nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilishga aloqador davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, nogironlar jamoat birlashmalari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi. Konferensiya davomida nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqiy savodxonligini oshirish hamda ularga birlamchi va amaliy bepul yuridik yordam ko‘rsatish masalalari atroflicha muhokama qilindi. “Oson matn” formati taqdimoti o‘tkazilib, afzalliklari va farqli jihatlari tadbir ishtirokchilari bilan tahlil qilindi. Ishtirokchilar hamda onlayn translyatsiya orqali ishtirok etayotganlar savollariga loyiha huquqshunoslari tomonidan javoblar berib o‘tildi.

Tadbir so‘ngida ushbu sohani rivojlantirish, davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish takliflari bildirilib, kelgusida amalga oshiriladigan ishlar rejalashtirib olindi. Loyihaning faol xodimlari va volontyorlari taqdirlandi.

Huquqplus.uz loyihasining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari:
Veb-portal: https://huquqplus.uz/
Telegram: https://t.me/huquqplus
Instagram: https://www.instagram.com/huquqplus
YouTube: https://www.youtube.com/@HuquqPlus