
Toshkentda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan seminar bo‘lib o‘tdi
- Matnli format
- Video format
- Oson matn

Joriy yilning 29-sentyabr kuni poytaxtimizda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy savodxonligini oshirish va ularga bepul yuridik yordam ko‘rsatish sohasidagi muammolar va ularning yechimlari” mavzusida maxsus seminar o‘tkazildi. Ushbu tadbir Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi hamda O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etildi. Tadbirni tashkil etishda BMT Taraqqiyot Dasturi (UNDP) va Finlyandiya hukumati qo’llab-quvvatladi.
O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasining “NNTlar uyi”da joylashgan anjumanlar zalida bo‘lib o‘tgan seminarni O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isakov va “SHAROIT PLYUS” NJB raisi Muhabbat Raximova kirish so‘zi bilan ochib berdilar. Tadbirga loyiha kontent menejeri Ulug‘bek Mamatxanov moderatorlik qildi.
Seminarning asosiy qismida nogironligi bo‘lgan shaxslarga huquqiy yordam ko‘rsatishga qaratilgan maxsus loyihalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Dastlab, Ulug‘bek Mamatxanov “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy savodxonligini oshirish va ularga birlamchi huquqiy yordam ko‘rsatish (davomiy loyiha)” mavzusida ma’lumot berdi. Shundan so‘ng, loyiha koordinatori Kamron Akramov HuquqPlus.uz maxsus huquqiy axborot veb-portalining imkoniyatlari hamda ushbu platforma (@huquqplus_bot va yurist qabuliga yozilish xizmati) orqali yuristlardan qanday qilib pro bono, ya’ni bepul huquqiy maslahat olish mumkinligi haqida batafsil taqdimot qildi.
Tadbirning ikkinchi qismida ishtirokchilar loyiha yuristlari va advokatlari Zarnigor Bebutova hamda Nuriddin Maxmasoliyev bilan nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish mavzusida qizg‘in savol-javoblar o‘tkazdilar.

Seminarda sohaga aloqador ko‘plab tashkilotlar vakillari, jumladan, O‘zbekiston Karlar jamiyati, “INKLYUZIV HAYOT”, “INKYUZIV JAMIYAT”, “MILLENIUM”, “ISHONCH VA HAYOT”, “UMIDVORLIK”, “Opa-singillar”, “STATUS” va “Mehr Ko‘zda” kabi nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari hamda faollari ishtirok etdi. Jarayonni yoritish va keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida Gazeta.uz va Anhor.uz kabi ommaviy axborot vositalari muxbirlari ham taklif etildi.
Barcha ishtirokchilar uchun axborot ochiqligini ta’minlash maqsadida tadbir davomida O‘zbek-imo ishora tili tarjimoni Go‘zal Rahmatullayeva xizmat ko‘rsatdi. Tadbirni yuqori saviyada o‘tkazishda “SHAROIT PLYUS” NJBning faol volontyorlari (Madinabonu Temurova, Ruxshona Shodmonaliyeva, Mehriniso Boltayeva, Shaxzodaxon Zayniddinova) yaqindan ko‘maklashishdi.
Seminar yakunida barcha ishtirokchilar kofe-breyk atrofida o‘zaro tajriba almashib, kelgusi hamkorlik rejalari bo‘yicha suhbatlashdilar va umumiy esdalik fotosuratiga tushdilar.
Tadbir Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) va Finlandiya Tashqi Ishlar Vazirligi tomonidan moliyalashtiriladigan «Bepul yuridik yordam ko‘rsatish uchun kichik grantlar» dasturi tomonidan ajratilgan grant asosida tashkil etildi.